Braziliya va Xitoy 20 mlrd dollarlik yirik qo‘shma investitsiya fondini tashkil etadi

Iqtisodiyot 11:46 / 31.05.2017 3928

Braziliya va Xitoy qo‘shma investitsiya fondini tashkil etish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. U Janubiy Amerikaning eng yirik mamlakatidagi infratuzilmalar va sanoat texnologiyalari sohasidagi loyihalarni moliyalashtiradi. Bu haqda TASS agentligi Braziliya prezidenti matbuot xizmati xabariga asoslangan holda xabar qilmoqda

Hujjat 30 may kuni San-Pauluda ish boshlagan xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan. "Braziliya-Xitoy hamkorlik va ishlab chiqarish imkoniyatlarini rivojlantirish fondi" nizom jamg‘armasi 20 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu mablag‘larning chorak qismi Braziliya tomonidan ajratiladi, ¾ qismini Xitoy  taqdim etadi. 

Braziliya rejalashtirish, byudjyet va boshqaruv vaziri Diogu Oliveyraning aytishicha, Braziliya "mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlarning qo‘llab-quvvatlashini qidirayotgan" bir vaqtda ushbu kelishuv imzolanmoqda. "Braziliya biz uchun muhim mamlakatlardan biridir. Bu jamg‘arma uning sanoatlashuviga hamda birgalikda rivojlanishga hissa qo‘shadi", - degan, o‘z navbatida, XXRning Braziliyadagi elchisi Li Tszinchjan.

Taxminlarga ko‘ra, yangi tashkilot 1 iyundan faoliyat yuritishni boshlaydi. Jamg‘arma Braziliya infratuzilmalarini yaxshilash yoki sanoat korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtiradi. Logistika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi biznesi va texnologiyalari asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilab olingan. Shu bilan birga, mablag‘larni ajratish shartlariga ko‘ra, belgilangan ishlar Braziliya va Xitoy kompaniyalari tomonidan birdek bajarilishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: