Amerikaning Goldman Sachs Group Inc. investitsion banki Venesuela markaziy bankidan 2,8 mlrd. dollarga obligatsiyalar xarid qilgan. Dow Jones’ning xabar berishicha, mamlakat bo‘ylab fuqarolar tomonidan keltirib chiqarilayotgan tartibsizliklar kuchayayotgan bir paytda prezident Nikolas Maduro hukumatiga shu yo‘l bilan ko‘mak ko‘rsatilgan.
Aktivlarni boshqarish bo‘yicha Goldman Sachs bo‘linmasi 2014 yilda Petroleos de Venezuela SA (PDVSA) tomonidan muomalaga chiqarilgan va 2022 yilda so‘ndiriluvchi har bir obligatsiyaning 1 dollariga 31 sentdan to‘lagan yoki 865 mln. dollar bergan. Bu narx o‘sha yili so‘ndiriluvchi boshqa qimmatbaho qog‘ozlardan 31 foizga pastroq.
Manbalarning xabar berishicha, bu bitim Goldman Sachs’ning Venesuelada o‘z pozitsiyalarini kengaytirish borsidagi dasturining bir qismi hisoblanadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Goldman mamlakatda hukumatning almashishi bu qarz miqdorini kamida ikki barobar oshirishiga ko‘z tikmoqda.
Aprel oyining boshidan buyon Venesuelada ommaviy tartibsizliklar ro‘y bermoqda. Bunga sabab, prezident Maduroga muxolifat vakillari qo‘lida bo‘lgan parlament — Milliy assambleya vakolatlari Oliy sud tomonidan jiddiy tarzda cheklab qo‘yildi. Garchi keyinchalik bu qaror bekor qilingan bo‘lsa-da, muxolifat tarafdorlari mamlakat ko‘chalariga chiqib, sud a'zolari iste'fosi va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilishmoqda.
Tartibsizliklar natijasida Venesuelada allaqachon 60 kishi hayotdan ko‘z yumgan.