GM Uzbekistan 2017 yilning 29 mayidan 31 mayigacha yangi shartnomalarni tuzish va avtomobillarni berishni vaqtinchalik to‘xtatdi. Bu haqda kompaniyaning Facebook’dagi rasmiy sahifasida xabar berildi.
«Hurmatli iste'molchilar! GM Uzbekistan AJ tomonidan avtomobillar qoldiqlarini inventarizatsiya qilinishi munosabati bilan, 2017 yilning 29 mayidan 31 mayigacha yangi shartnomalarni tuzish va avtomobillarni berish vaqtinchalik to‘xtatiladi», - deyiladi xabarda.
Ta'kidlanishicha, inventarizatsiya yakunlangandan so‘ng, to‘langan shartnomalar bo‘yicha avtomobillarni, tuzilgan shartnomalarda ko‘rsatilgan narxlarda yetkazib berish amalga oshiriladi. Xaridor tomonidan shartnomada ko‘rsatilgan avtomobil narxining oldindan to‘lanishi belgilangan minimal qiymati (85%) yoki to‘liq qiymati to‘langan holatda, avtomobil narxi to‘langan hisoblanadi.
Avvalroq 1 iyundan boshlab "GM Uzbekistan" barcha avtomobillari so‘mda sotilishi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergandik.
Shuningdek, GM Uzbekistan kompaniyasi o‘zi ishlab chiqarayotgan bir qator avtomobillarning narxlarini oshirishi, bu haqda vaziyatdan xabardor manbalar ma'lum qilgani haqida ham ma'lum qilingandi.