AQSh mudofaa vazirligining istiqbolli tadqiqot loyihalari boshqarmasi Boeing’ni yangi gipertovushli kosmik qurilma ishlab chiqish uchun tanladi. Uning nomi Phantom Express (XS-1) bo‘ladi.
Qurilmaning vazifasi – sun'iy yo‘ldoshni suborbital balandliklarga olib chiqish, so‘ng oddiy samolyot kabi gorizontal holda qo‘nishdir.
Kosmik samolyot nima uchun kerak?
Ishlab chiqaruvchilar g‘oyasiga ko‘ra, uchuvchisiz kema suborbital balandliklarga yetganidan so‘ng kichik raketani uchiradi, u sun'iy yo‘ldoshni koinotga yetkazadi, asosiy qurilma esa Yerga qaytadi va uchish-qo‘nish yo‘lagida qo‘nadi. Mudofaa vazirligi XS-1 loyihasi yordamida sun'iy yo‘ldoshlarni yer yaqinidagi orbitaga atigi bir necha kun tayyorgarlik orqali chiqarishni maqsad qilgan. Avval buning uchun bir necha oy vaqt talab etilgan. Taxminlarga ko‘ra, kosmik samolyot bir necha soat ichida qayta parvozga tayyor bo‘ladi.
«XS-1 an'anaviy samolyot, yoki oddiy raketa tashuvchi bo‘lmaydi, ularning birlashgan nusxasiga aylanadi. Loyiha parvozga ketadigan xarajatlarni o‘n martaga kamaytirish va uchirish vaqtini tezlashtirish maqsadida ishlab chiqilmoqda», - deydi AQSh mudofaa vazirligidan bo‘lgan dastur koordinatori Jyess Sponabl.
Texnik xususiyatlar
XS-1 o‘zining ichki dvigatellari hamda kriogen propellentlar (suyuq kislorod va suyuq vodorod)dan foydalangan holda tik holda parvoz qiladi. Phantom Express gipertovush tezliklarida uchishi va 1300 kilogrammlik foydali yuklamani olib ketishi mumkin.
Qurilma Aerojet Rocketdyne AR-22 (shattldan) modifikatsiyalangan dvigatellari, raketa dvigatellari uchun kompozitsion materiallar, parvozni boshqarish uchun avtonom texnologiyalar va gibridli kompozit-metall korpusiga ega bo‘ladi – u gipertovushli parvoz va Tselsiy bo‘yicha 1100 daraja haroratga chidamli bo‘ladi.
Ishlab chiqaruvchilarning taxminiga ko‘ra, XS-1 parvozi uchun kamida 5 million dollar sarflanadi, shuning uchun, texnologiyadan tijoriy maqsadda foydalanish ham nazarda tutilgan. Mudofaa mahkamasi Boeing bilan uchar qurilma sinovlarini 2020 yildan boshlashga umid qilmoqda, deya yozadi Popular Mechanics jurnali.