Yirik g‘arb kompaniyalari va sarmoyadorlari O‘zbekistonga yanada ko‘proq qiziqish bildira boshlashadi. ExxonMobil neft gigantining o‘z nomini oshkor qilmagan yuqori lavozimli vakili shunday fikrni ilgari surmoqda.
«Bu yerda O‘zbekiston bozori uchun o‘zaro kurashishadi. G‘arb kompaniyalari ko‘p bo‘ladi. Biz bunga ishonamiz», – degan Podrobno.uz AA muxbiriga Amerika kompaniyasining vakili.
ExxonMobil kompaniyasining qayd etishicha, iqtisodiy o‘sish ko‘zga tashlana boshlagan mamlakatlar har doim ilg‘or texnologiyalar va sarmoyalarni o‘ziga jalb qilgan. Amerikaliklarning esa, O‘zbekistonda amalga oshirishni xohlayotgan aniq loyihalari bor. Ulardan biri «Navoiyazot» korxonasi negizida Chexiyaning UNIS kompaniyasi bilan birga metanoldan (MTG) yuqori sifatli benzin olishdir. Bu ExxonMobil kompaniyasining O‘zbekistondagi ilk to‘laqonli loyihasi hisoblanadi. Bungacha kompaniya Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga uskunalar yetkazib bergan.
Ko‘plab ekspertlarning fikricha, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston valyuta bozorini liberallashtirish va xorijiy investitsiyalarga o‘z eshiklarini ochish istagini namoyon qilmoqda. Qozog‘istonda, allaqachon, O‘zbekiston o‘zining mintaqaviy o‘rnini mustahkamlashi Markaziy Osiyoda iqtisodiy gegemon o‘zgarishiga olib kelishi mumkinligi haqida fikrlar bildirila boshlandi. Bu, o‘z navbatida, sarmoyalar va bozorlar uchun kurashni kuchaytiradi.
Xususan, Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vaziri Timur Sulaymonov O‘zbekistonni ulkan imkoniyatlarga ega davlat, deb aytgan edi.
«Bu (O‘zbekistonning mustahkamlanishi) biz uchun ma'lum darajada chaqiriqdir. Biz Qozog‘iston, men ham ko‘proq shu fikrga qo‘shilaman, mintaqaviy gegemon deb hisoblashga o‘rganib qolganmiz. Hozirda, bu holat o‘zgarishi mumkin, men iqtisodiy gegemonlikni nazarda tutyapman. Investitsiyalar, bozorlar uchun kurash kuchayishi ehtimol», – degan Sulaymonov CFO Summit 2017da qilgan chiqishida.
O‘tgan haftadagi eng kutilmagan yangilik esa, Uzbekistan Peugeot Citroyon Automotive qo‘shma korxonasi tashkil etilishi haqidagi xabar bo‘ldi. Gap yiliga 16 ming dona Peugeot va Citroën yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish haqida bormoqda. 2019 yildan faoliyatini boshlaydigan korxonaga 130 mln yevro miqdorida sarmoya kiritiladi.
O‘zbekistonda “Pejo Sitroyen” avtomobillari ishlab chiqariladi