Endilikda gazni tadbirkorlardan sotib olish imkoni yaratiladi

Iqtisodiyot 17:58 / 17.05.2017 38660

Mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika sohasining asosiy resurslaridan biri hisoblangan gaz sanoati o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab yuzaga keldi va shakllana bordi. Istiqlol yillarida neft-gaz sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, birinchi galda respublikamiz gaz qazib olish borasida dunyoning 15 mamlakatidan biriga aylandi. Bunga erishish uchun mamlakatimizda yangi gaz konlarini izlab topish hamda sarmoyaviy muhitni barqarorlashtirish maqsadida ko‘plab loyihalar amaliyotga tadbiq qilindi.

Natijada yangi konlar qidirib topish jadallik bilan olib borildi. Gaz taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirish va foydalanishga topshirish, tabiiy gazni mahalliy iste'molchilarga yetkazib berish va sotish, shuningdek, foydalanilgan gaz uchun to‘lov intizomini mustahkamlashga doir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Yaqinda Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi «Gaz ta'minoti tizimiga bozor mexanizmlarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Mazkur qarorning ijrosi borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruv raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov bilan suhbatlashdik.

Ushbu qarorning qabul qilinishi gaz ta'minoti tizimida, ayniqsa, mahalliy xususiy sektorning ishtirokini ta'minlash va ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, gaz ta'minotida uzluksizlikni ta'minlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ayni paytda mavjud gaz ta'minoti tizimining barcha darajadagi gaz tarmoqlari gaz hisoblash uskunalari bilan to‘liq ta'minlanmaganligi natijasida tabiiy gaz iste'molchilari va yetkazib beruvchi korxonalar hisob-kitobida nomutonosibliklar shakllanishiga sabab bo‘layotgandi. Endilikda bu kabi muammoli holatlarning oldini olish va mavjudlarining ijobiy hal etilishida mazkur qaror huquqiy asosga egadir.

Ayni paytda tajriba loyihasi doirasida poytaxtning Bektemir tumani «Bektemirtumangaz» tuman ekspluatatsiya xizmati obektlarini xususiy operatorga o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Xuddi shuningdek, Qoraqalpog‘istonda «Kegeylitumangaz», Andijon viloyatida «Shahrixontumangaz», Buxoroda «Kogontumangaz», Jizzaxda «Zomintumangaz», Qashqadaryoda «Qarshitumangaz», Navoiyda «Qiziltepatumangaz», Namanganda «Namangantumangaz», Samarqandda «Narpaytumangaz», Surxondaryoda «Jarqo‘rg‘ontumangaz», Sirdaryoda «Yangiyershahargaz», Toshkent viloyatida «Yangiyo‘ltumangaz», Farg‘onada «Oltiariqtumangaz» hamda Xorazm viloyatida «Yangiariqtumangaz» filiali obektlari xususiy operator vakolatli boshqaruviga o‘tkaziladi.

Bunda mulkchilik shaklidan qat'i nazar, o‘tkaziladigan ochiq tanlov talablariga javob berib, g‘olib bo‘lgan yuridik maqomga ega tashkilotlar xususiy operator bo‘lib, ular ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida tabiiy gaz sotishni amalga oshiradi. 

Shuningdek, xususiy operatorlar tabiiy gaz sotishni ishonchli boshqaruv shartnomasiga asosan, tabiiy gaz sotish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olmasdan turib, litsenziya talablari va shartlarini bajargan holda amalga oshirishadi. Ularga gaz savdosi hajmining 21 foizidan ko‘p bo‘lmagan komissiya mukofoti berish nazarda tutilgan. Qolaversa, xususiy operatorlarning soliq yukini kamaytirish va to‘lovlarni soddalashtirish maqsadida mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi tashkilot xodimlarining sonidan qat'i nazar ular yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari hisoblanadi.

Qarorning muhim ahamiyatli jihati shundaki, maishiy iste'molchilarga zamonaviy elektron tabiiy gaz hisoblagichlarini sotib olish va o‘rnatish kompaniyaning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va ularning qiymati keyinchalik maishiy iste'molchilar tomonidan bir yil davomida to‘lanadi. Natijada gazdan foydalanuvchilar va gaz yetkazib beruvchi tashkilotlar o‘rtasida foydalanilgan gaz miqdori bo‘yicha hisob-kitobdagi nomutonosibliklarga barham beriladi. Qolaversa, ushbu qarorga ko‘ra, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyat berilmoqda.

Mazkur qarorning yana bir muhim jihatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bundan buyon yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun mavjud qarzdorligi sababli gaz tarmog‘idan uzilgan iste'molchilardan gaz tarmog‘iga qayta ulanish uchun O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan eng kam ish haqi miqdorining ikki barobari miqdorida to‘lov undiriladi. Bundan tashqari, 2017 yil 1 oktabrdan boshlab gaz hisoblagichi bo‘lmagan xonadonlar foydalanilgan tabiiy gaz uchun belgilangan me'yorga ko‘ra, ya'ni hozirgi to‘lanayotgan haqdan ko‘ra ikki barobar miqdorida ko‘proq haq to‘lanishi belgilab qo‘yildi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mazkur qarorning e'lon qilinishi, hududlarda gaz ta'minotidagi uzluksizlikni ta'minlash bilan birga, xususiy sektorni yangi yo‘nalish bilan ham ta'minlaydi, sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi, monopoliyasiz faoliyat yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

Toshtemir Murod

Ko‘proq yangiliklar: