Xitoy giperkari Nyurburgringning eng tez mashinasi bo‘ldi

Fan-texnika 16:20 / 15.05.2017 8616

Xitoyning Nio kompaniyasi ishlab chiqqan EP9 elektr giperkari Nyurburgringning eng tez mashinasi bo‘ldi. 1360 ot kuchiga ega mashina «Shimoliy xalqa»ni 6 daqiqa 45,9 soniyada aylanib chiqdi. Bu esa Lamborghini Huracan Performante ko‘rsatgan natijadan 6 soniyaga yaxshiroqdir.

Nio EP9 giperkarini ushbu rekord yurishi chog‘ida «Le-Manda 24 soat» poygasining 2013 yildagi bronza medali sovrindori, shotlandiyalik Piter Dambrek boshqardi. Biroq, ishlab chiqaruvchi mazkur natija qayd etilgan videoni namoyish etgani yo‘q. 

EP9 kupesi 4ta elektr dvigateli bilan jihozlangan. U turgan joyidan soatiga 100 km tezlikka 2,7 soniyada erishadi, 7,1 soniyada 200 km/s tezlikka chiqadi. Modelning eng yuqori tezligi soatiga 313 kmni tashkil etadi. Batareyalar quvvati 425 kmga yetadi. 

Nio kompaniyasi har birining narxi 1,48 mln dollar turuvchi 10 dona EP9 ishlab chiqarishini ma'lum qildi.

Foto:  motor.ru

 2017 yil martida Nio EP9 Nyurburgringda elektromobillar tasnifida rekord o‘rnatgandi. O‘shanda u «Shimoliy xalqa»ni 7 daqiqa 5,12 soniyada aylanib chiqqan edi. Bundan avval, bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich Toyota kompaniyasining EV P002 prototipiga tegishli edi. U Germaniyadagi poyga trassasini 7 daqiqa 22,329 soniyada aylanib chiqqandi. 

Ko‘proq yangiliklar: