AQSh sudi Volkswagen’ning 1,2 mlrd dollar tovon puli to‘lashini ma'qulladi

Iqtisodiyot 08:50 / 12.05.2017 3331

Germaniyaning Volkswagen avtokonserni AQShda ushbu markaning ekologik me'yorlar buzilishi aniqlangan avtomobillariga egalik qiluvchi 88,5 ming kishiga 1,2 mlrd dollar tovon puli to‘lab beradi. Bu haqdagi kelishuvni 11 may kuni San-Frantsisko shahri okrug sudyasi Charlz Breyyer tasdiqladi.

Volkswagen 2009-2012 yillarda ishlab chiqarilgan, 3 litrli dizel dvigatelga ega avtomobillarning dasturiy ta'minotidagi nosozlikni bartaraf etish yoki bu mashinalar egalariga 7,8 mingdan 13,9 ming dollargacha tovon puli to‘lab berish majburiyatini olgandi. Xuddi shunday shartlar keyinroq chiqqan mashinalarga ham taalluqli bo‘lib, ularning egalari nosozlikni bartaraf eta olmaslikka kompensatsiya sifatida 16,1 ming dollar olishlari mumkin.

"Bu kelishuv bizga yakuniy maqsad – Volkswagen aldovidan ziyon ko‘rgan iste'molchilar manfaatlarini himoyalashga erishishga imkon beradi. Kompaniya mashinalarni tuzatishi yoki atrof-muhitni belgilangan me'yordan ko‘proq zararlovchi mashinalarni yo‘llardan yo‘qotishi kerak", deb aytgan avtomobillar egalari manfaatlarini bildiruvchi advokat Elizabet Kabreyzer.

O‘tgan yili Volkswagen AQShdagi ekologik me'yorlarni buzgani uchun umumiy hisobda 15,3 mlrd dollar to‘lab berishga rozi bo‘lgandi. Kontsern shuningdek o‘z zimmasiga ekologik ziyonni bartaraf etish uchun 2,7 mlrd dollar to‘lash va atrof-muhitni kamroq darajada zararlovchi avtomobillar ishlab chiqarish uchun 2 mlrd dollar yo‘naltirish majburiyatini olgan.

Ko‘proq yangiliklar: