SpaceX va Tesla xodimlari Ilon Mask va u bilan ishlash haqida

Fan-texnika 21:35 / 23.04.2017 10642

Ilon Mask — SpaceX, PayPal, Zip2 loyihalari sarmoyachisi va asoschisi hamda Tesla Inc direktorlar kengashi raisi. Uning kompaniyalari xodimlari haqida vc.ru'da ma'lumot berildi

Suhbat qanday o‘tadi?

Eshli Vens "Ilon Mask. Tesla, SpaceX va kelajakka yo‘l" kitobida Maskning ilk ming nafar xodimi bilan, jumladan farroshlar va laborantlargacha shaxsan suhbat o‘tkazgani haqida yozadi. Bugungi kunda kompaniya o‘sdi - endi Ilon faqat muhandislarnigina shaxsan suhbatlashib ishga oladi. Suhbatga o‘tganlar nima uchun SpaceX'da ishlashni istashlari haqida esse yozishadi, Mask bilan uchrashishdan oldin esa eslatma olishadi:

“Dastlab Ilon, hoynahoy, ko‘p gapirmaydi, ya'ni pochtaga javob berishda davom etib yoki biror ish ustida suhbatlashadi. Vahima qilmang, bu normal holat. Keyin u siz tomon o‘giriladi. U ko‘zingizga qarashi yoki umuman sizga e'tibor qaratishi aniq emas. Hayron bo‘lmang. Bu normal holat. Kerak paytda u muloqotga kirishadi”.

Suhbat 30 soniyadan 15 daqiqagacha bo‘lishi mumkin. Unda Mask savollar beradi, muhandislik vazifalari va boshqotirmalarni bajarishni so‘raydi. Vensning yozishicha, Maskning sevimli topishmog‘i bor: “Siz Yer ustidasiz. Janubga bir mil, g‘arbga bir mil va shimolga bir millik masofani bosib o‘tdingiz. Siz yana yo‘l boshlagan joyingizda paydo bo‘ldingiz. Siz qayerdasiz?”

Mask suhbatdoshining javobidan ko‘ra unga bo‘lgan yondashuvni  ko‘proq qadrlaydi. 

Maskning so‘zlariga ko‘ra, intervyu vaqtida u “nomzod duch kelgan eng katta qiyinchiliklar, ularni qanday yengib o‘tgani va qanday qarorlar qabul qilgani haqida so‘zlash”ni so‘raydi. U shunday deydi:

“Insonning bu ishga to‘g‘ri kelish yo kelmasligini his qilish uchun odatda shuning o‘zi yetarli. Muammo bilan kurashgan inson tafsilotlarni unutishi juda qiyin. Tafsilotlar haqida so‘rash mumkin – haqiqatda barchasini o‘zi yengib o‘tgan insongina tafsilotlarni yaxshi biladi, shunchaki taassurot qoldirishni istaganlar esa, aksincha”.

SpaceX o‘z xodimlarini eng yaxshi universitetlardan izlashiga qaramay, suhbat davomida Mask nomzodning ta'lim darajasini ustuvor o‘ringa qo‘ymaydi. 

“Men e'tibor beradigan jihatlar – insonning qanday xususiyatlarga egaligi va ularni hayotda qo‘llay bilishi”.


Ish tartibi

Tesla va SpaceX xodimlari Maskning yuqori darajali talablarini uddalashlari kerak. 

Kundalik, soatlik va daqiqalik rejalar 

Vensning kitobda yozishicha, Mask hamma narsa daqiqalar bo‘yicha taqsimlangan rejalarni talab qiladi. Shu tufayli kompaniyalarda “ikkilamchi” menejment yaratiladi. Maskka bir reja ko‘rsatiladi, ikkinchisi bo‘yicha ishlashadi.

“SpaceX top-menejyerlari Maskni qoniqtiruvchi, lekin ularga muvofiq ishlashning iloji bo‘lmagan “soxta” grafiklar tuzish uchun bor mahoratlarini ishga solishadi”.

Vensning kitobida SpaceX muhandisi Kevin Brogan muddatlarning norealligi haqida so‘zlaydi:

“Ilon optimizmga to‘la, bu yaxshi, albatta. Biroq biror nima qilishga to‘g‘ri kelsa, u g‘irt yolg‘onchiga aylanadi. Mask eng agressiv grafikni tuzadi, xato qilishga hech kimning haqqi yo‘q, keyin esa xodimlar bundan-da yaxshi ishlashi mumkin deb hisoblab, tezlashtirishni talab qiladi”. Broganning aytishicha, Mask muddat uchun javobgarlikni xodimlar zimmasiga yuklaydi. 

“Oddiy menejyer xodimlar uchun muddat belgilaydigan bir vaqtda Mask o‘zi e'lon qilgan rejalar bo‘yicha javobgarlikni muhandislarga yuklashga harakat qiladi. U “Siz bu ishni juma kuni soat 14:00 gacha bajarishingiz kerak” demaydi. U “Juma kuni soat 14:00 gacha ilojsiz ishni bajarish kerak. Uddalay olasizmi?”. Shundan keyin agar siz “ha” desangiz, buyruq bo‘yicha emas, o‘zingizning “ha” javobingizni oqlash uchun ter to‘kasiz”. 

Kuniga 12 soatdan ishlash

Mask haftasiga 80-90 soat ishlaydi. U o‘zini to‘liq ishga bag‘ishlaydi va xodimlardan ham xuddi shuni kutadi. 

Xodimlar o‘z ish joyi haqida fikr yozib qoldiradigan indeed.com saytida SpaceX’da ishlovchi xodim shunday yozadi:

SpaceX’dagi oddiy kun – 12 soatlik ish kuni. Siz rejadan tashqari – haftasiga 60-70 soatlab ishlashingizga to‘g‘ri keladi.

Dam olish kunlaridagi ishlar

Mask shanba va yakshanba kunlari ham ishlaydi va xodimlar hamda hamkorlardan ham shuni talab qiladi. Vens direktorlar kengashi a'zosi Stiv Jarvetsonning so‘zlarini keltiradi:

“Mask o‘z ish joyini shunday tanlaganki, u yerdan barcha xodimlar ko‘rinib turadi. U bu yerda deyarli har shanba va yakshanba kunlari bo‘ladi hamda xodimlar uni ko‘rib, istagan paytda uni topishlari mumkinligini bilishlarini istaydi. Bundan tashqari, u dam olish kunlari yetkazib beruvchilarga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin, toki ular Maskning doimo ishda ekani va loyiha ustida ter to‘kayotganini bilishsin, o‘z xodimlaridan ham xuddi shunday fidoyilikni talab qiladi”.

Mask uning xodimlari qanday buyuk ishga qo‘l urayotganini anglashi va shu ishga butkul o‘zini bag‘ishlashini xohlaydi. Tesla xodimi har bir farzandi deb yig‘ilishni qoldirganida Mask unga quyidagi mazmundagi elektron maktubni yo‘llagan:

“Mening ishonchim oqlanmadi. Siz hayotdagi ustuvor vazifalarni qayta ko‘rib chiqishingiz zarur. Biz dunyo va tarixni o‘zgartirmoqdamiz, siz yo biz bilansiz, yoki yo‘q”.

Xodimning ismi kitobda oshkor etilmagan, Maskning o‘zi esa bunday xat yozganini inkor qilgan. Kitob nashrdan chiqqach, uning Twitter’ida bu o‘ylab topilgan hikoya ekani va u nafsoniyatiga tekkani haqida yozadi.

“Ilojsiz”dek tuyulgan ishlarga tayyor turish

Mask fizika qonunlariga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni bajarib bo‘lmasligini tan oladi. Eshli Vens Tesla’ning bosh texnik mutaxassislaridan biri Ali Yavidananing so‘zlarini keltiradi:

Tesla kompaniyasining texnik qoidalari xuddi SpaceX’dagi kabi. Yo Maskning aytganini bajarasiz, yoki nima uchun buning iloji yo‘qligini tushuntirish uchun termodinamikaga “sho‘ng‘iysiz”. “U doim shunday deydi: “Bunga fizik nuqtai nazardan qaraymiz”.

Yavidanning so‘zlariga ko‘ra, Maskka muammoning o‘zi haqida gapirish yetarli bo‘lmaydi, unga bundan keyin nima qilishingiz haqida batafsil hisobot berishingiz kerak bo‘ladi. 

“Ilonga nimaningdir iloji yo‘qligini aytib bo‘maydi, shunday bo‘lgan taqdirda darhol kompaniyadan ketasiz”.

Bularning bari nima uchun?

Mask odamlarga qanday ilhom baxsh etishi haqidagi savolga shunday javob beradi:

Men qilayotgan ishimdan rohat olish uchun o‘z ish joyimni qulay qilishga harakat qilaman. Men SpaceX’ga to‘xtalmoqchiman: biz nimaga erishmoqchimiz, qayerga qarab ketyapmiz, nimalar qilyapmiz. Biz odamlarni orbita va undan yuqoriga olib chiqishni istaymiz. Oxir-oqibat, biz Yerdan tashqarida hayotni yo‘lga qo‘yishga hissa qo‘shuvchi kompaniya bo‘lmoqchimiz.  

SpaceX xodimlari indeed.com saytida shunday yozadi:

SpaceX —ish emas, hayot tarzi. Bu faxrlanishga arziydigan sabab bo‘lish bilan birga katta stress hamdir.

Xodimlar shuningdek u yerda “ajoyib taom” va “noyob, ilhomlantiruvchi odamlar” mavjudligini ta'kidlashadi. 

Glassdoor sayti ma'lumotlariga ko‘ra, SpaceX muhandislariga yiliga 77 350 dollardan 123 055 dollargacha maosh to‘lanadi. 

Xodimlar Mask haqida qanday fikrda?

Kevin Uotson NASA’dagi 24 yillik faoliyatidan keyin 2008 yilda SpaceX’ga qo‘shilgan. Quyida uning Mask haqidagi fikrlari havola qilinadi:

“Ilon ajoyib daho. U deyarli hamma narsada ishtirok etadi va deyarli hamma narsani tushunadi. U savol berganda tez javob bermaslikni o‘rganasiz. Maskka fizikaning fundamental qonunlariga borib taqaluvchi javoblar kerak. U raketa fizikasini boshqalardan yaxshi tushunadi. Men u miyasida yecha oladigan vazifalarning naqadar chuqurligiga qoyil qolaman”.

Jyeffri Shtrobel, Tesla hammuassisi va texnik direktori:

“Ilonda pul ishlash qiyin – u hissiyotga beriluvchan. U ter to‘kib, boshqalardan ko‘proq tavakkal qilib, hozirgi holatiga erishgan. Men u qilgan ishlarni benihoya hurmat qilaman. Ilonsiz hech narsa bo‘lmas edi. O‘ylashimcha, u yetakchi bo‘lish huquqiga egalik qilishga loyiq”.

SpaceX’ning ismini oshkor qilishni xohlamagan sobiq xodimlaridan biri Vensning kitobida shunday deydi:

“Fikrimcha, insonlarga bog‘lanib qolish va insoniylik munosabatlarining yo‘qligi – Ilonning eng jiddiy kamchiligi. Aksariyat yillar davomida hormay-tolmay uning qo‘lida ishladi, keyin esa ularni o‘ylab ham o‘tirmay, keraksiz buyum kabi tashlab yuborishdi. Odamlar u uchun quroldek – ulardan aniq maqsad yo‘lida foydalanib, keyin tashlab yuborishgan”.

Eshli Vensning yozishicha, Ilon Mask rahbarligi ostida odamlar “ilojsiz narsalarni bajarishadi” va “tarix yaratishadi”. Mask o‘ziga qanchalik talabchan bo‘lsa, qolganlardan ham shunday fidoyilikni talab qiladi.  

Chetdan qaraganda, bunday pozitsiya ahmoqona ko‘rinishi mumkin, ammo bu Maskning falsafasi va u uni hamda atrofidagilarni boshlagan ishni oxiriga yetkazishga undaydi. 

Dolli Singx Quora’da shunday yozadi:

“Mask bilan ishlashni qulay tajriba deb bo‘lmaydi, u hech qachon o‘z natijalaridan qoniqmaydi va tabiiyki, boshqalarning natijalari ham uni qoniqtirmaydi. U o‘zini yanada ko‘proq ishlashga majbur qiladi va boshqalardan ham shuni talab qiladi”.

Ko‘proq yangiliklar: