AQSh va Meksika o‘rtasidagi devor qurilishi 70 mlrd dollarga aylanadi

Iqtisodiyot 08:55 / 19.04.2017 14956

AQSh-Meksika chegarasida devor qurilishi qiymati taxminan 66,9 mlrd dollarni tashkil qiladi. Bu haqda AQSh kongressining milliy xavfsizlik va hukumat idoralari qo‘mitasiga kiruvchi demokrat senatorlar yordamchilari tomonidan tuzilgan hisobotda aytilgan. Aynan shu qo‘mita devor qurilishi loyihasini nazorat qiladi.

"Har bir milga (1,6 km) 36,6 mln dollardan ketishi hisobga olinsa, uzunligi 1827 mil (2940 km) bo‘lgan devor narxi 66,9 mlrd dollardan oshadi. Shu tariqa AQShdagi har bir erkak, ayol va bola devor qurilishi uchun 200 dollardan ko‘proq to‘laydi", deb aytilgan hisobotda.

Shu bilan birga, Demokratik partiya hisob-kitoblariga ko‘ra, devorni ta'mirlash va unga xizmat ko‘rsatishga har yili 150 mln dollar sarflanishi mumkin". Hisobot mualliflarining fikricha, loyiha devor o‘tadigan xususiy yerlarni xarid qilish bo‘yicha ko‘p yillik sud tortishuvlariga olib keladi. 

Avvalroq AQSh milliy xavfsizlik vazirligi devor qurilishiga 21,6 mlrd dollar sarflanishini ma'lum qilgandi. AQSh kongressi senatining milliy xavfsizlik va hukumat idoralari ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari  Ron Jonson esa Isroilning Misr bilan devor qurishiga sarflagan xarajatlariga asoslanib, Meksika chegarasidagi devor 5-8 mlrd dollarga tushishini aytgandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 25 yanvarda Meksika bilan chegarada devor qurilishi haqida farmonni imzolagan va uning amalga oshirilishi darhol boshlanishini aytgan. Trampning aytishicha, devor balandligi 15 metrga yaqin bo‘lishi lozim va uning qurilishiga 10-12 mlrd dollar sarflanadi.    

Ko‘proq yangiliklar: