Isroilning asl maqsadlari, Eronning qo‘shnilarga tahdidi va Sholsning Ukrainaga va’dasi - kun dayjesti

Jahon 13:53 / 12.10.2024 6687

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo sektoridagi turar joylarga Isroilning navbatdagi aviazarbalaridan so‘ng 21 kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Falastinning WAFA informatsion agentligi xabariga ko‘ra, Isroil harbiy samolyotlari G‘azo sektorining turli nuqtalaridagi turar joylarga raketa zarbalari bergan.

Sektorning janubidagi Rafah shahrida o‘ldirilgan 6 falastinlikning jasadi Xon Yunusdagi Yevropa shifoxonasiga keltirilgan. Vertolyotlar Rafahning aholi istiqomat qiladigan tumanlariga artilleriya zarbalari bilan hamkorlikda o‘t ochgan.

Isroil G‘azoning shimoliga yangi keng ko‘lamli bosqinni e’lon qildi. Kamida 400 ming falastinliklarni ommaviy evakuatsiya qilish talab qilinmoqda.

Isroil shuningdek, Kamol Advan hamda Indoneziyaning «Al-Auda» shifoxonalarini yopish bilan tahdid qilmoqda. Natijada, shundoq ham kamtarona tibbiy xizmatdan foydalanayotgan minglab kasal va yarador falastinliklar shifo topishdan mosuvo bo‘lishadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil qamali tufayli bu hududga insonparvarlik yordamlari, jumladan, toza suv, oziq-ovqatlar va dori-darmonlar yetkazilmayapti.

Isroil harbiy vakilining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi zarbalar «HAMASning qayta guruhlanishining oldini olish» maqsadida o‘tkazilgan. Holbuki, avvalroq Isroil bir necha marta G‘azoda HAMAS yakson qilinganini ta’kidlagan edi.

G‘azoda Isroil agressiyasi qurbonlari soni 42 ming 126 nafarga yetgan. So‘nggi sutka ichida 61 kishi o‘ldirilgan, 251 kishi yaralangan.

Isroilning harbiy jinoyatlari

Amnesty International Isroil o‘zining harbiy jinoyatlari va genotsidini yashirishda davom etayotganini ta’kidlagan.

Xalqaro huquqbonlik tashkiloti vakili Ahmad Karuga ko‘ra, Isroil jurnalistlarning G‘azo sektoriga kirishiga monelik qilib, o‘z jinoyatlarini yashirmoqda.

Tunis poytaxtida Amnesty International «Falastin ovozi: erkinlik ko‘lankalari va inson haqlari uchun chorlov» mavzusida konferensiya o‘tkazgan.

«Xorijiy jurnalistlarga Falastin hududiga, xususan G‘azoga kirishga taqiq qo‘yib Isroil okkupatsion hukumati tinch aholiga nisbatan harbiy jinoyatlarni, genotsidga teng jiddiy qonunbuzarliklarini yashirishga intilmoqda», — degan Karud.

Uning ta’kidlashicha, jurnalistning Falastindagi vazifasi nafaqat yangiliklar uzatishdan iborat. «Jurnalist voqealarning guvohi ham salanadi, shu sababli Isroil o‘zining vahshiyligiga guvoh bo‘lmasligi uchun jurnalistlarni G‘azoga kiritmayapti», degan Karud.

Isroil Falastindagi 800 mingdan ziyod zaytun daraxtini yo‘q qilgani ham ma’lum bo‘ldi.

1967 yildan buyon Isroil va yahudiy ko‘chkindilari okkupatsiya qilingan Falastin hududlarida 800 mingdan ziyod zaytun daraxtlarini noqonuniy yo‘q qilgani aytilmoqda. Bu daraxtlarning katta qismi asrlar osha o‘sib kelgan.

Isroilning asl maqsadlari

Isroilning radikal va ultrao‘ng millatchi moliya vaziri Betsalel Smotrich sinoistik mafkuraning maqsadlaridan birini oshkor etib, yangi hududlarni bosib olishga chaqirdi.

Arte Reportage tomonidan tayyorlangan «Isroil: hukumat tepasidagi ekstremistlar» hujjatli filmida Betsalel Smotriya nafaqat butun Falastin yerlarini, shuningdek, Suriya poytaxti Damashq shahrini va boshqa arab davlatlarining yerlarini okkupatsiya qilish istagini bildirgan.

«Men ulkan yahudiylar davlatini istayman. Bu davlat yahudiy xalqining qadriyatlari bo‘yicha harakat qiladi», — degan Smotrich.

Intervyu olayotgan muxbirning «Isroil chegaralari O‘rdun daryosidan nariga o‘tishi kerakmi?» deb bergan savoliga Smotrich «Shubhasiz, lekin sekin-asta», deb javob bergan.

«Iyerusalim (ya’ni Quddus)ning kelajagi Damashqqacha kengashni taqozo qiladi», — degan Smotrich.

Sionistik mafkura Isroil bayrog‘ida ham o‘z aksini topgan. Isroil bayrog‘idagi ikki moviy chiziq Misrdagi Nil va Iroqdagi Furot daryosini anglatadi. Yahudiylar mana shu ikki daryo oralig‘ida Buyuk Isroil davlatini barpo etishni oliy maqsad qilishgan.

Eronning tahdidi

Eron Isroilning mamlakatga uyushtiradigan hujumida ko‘rsatiladigan har qanday yordam uchun neft obektlariga zarbalar berish orqali javob qaytarishini ma’lum qildi.

Eron Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazidagi boshqa davlatlarni Isroilning islom respublikasiga hujumida ko‘rsatadigan har qanday yordami uchun ularning neft obektlariga zarbalar berish orqali javob qaytarish bilan tahdid qildi.

Ushbu ma’lumotni Saudiya Arabistoni podshohlik saroyiga yaqin bo‘lgan tahlilchi Ali Shihaba ham tasdiqlagan.

«Eronliklar «agar Fors ko‘rfazi davlatlari Isroil uchun o‘z havo makonini ochib bersa, bu urush harakati bo‘lishini» ma’lum qilmoqda», — degan u.

Shihabaning so‘zlariga ko‘ra, Tehron, shuningdek, Ar-Riyodni javob chorasi ittifoqchilari, masalan, Yaman yoki Iroq tomonidan ham ko‘rilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Isroilning Eronga potensial hujumi 9 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salom hamda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi o‘rtasidagi muzokaralarda diqqat markazida bo‘lgan. Shundan keyin Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA AQShni Isroilning Eronga hujum uyushtirishida havo makoni va harbiy infratuzilmasidan foydalanishga ruxsat bermasligi to‘g‘risida xabardor qilgan.

Reuters manbasiga ko‘ra, Fors ko‘rfazidagi neft obektlariga raketaga qarshi mudofaa tizimlari va Patriot majmualari o‘rnatilgan bo‘lsa-da, ularning barchasini qo‘riqlash murakkab ish. Shu boisdan muammoni hal etishning asosiy yo‘li — diplomatik yechim.

«Biz raketalar urushi episentrida qolib ketamiz. Jiddiy xavotir mavjud, ayniqsa, agar Isroil Eronning neft obektlariga zarba bersa», — degan agentlik manbasi.

Ukrainaga yordam

Germaniya kansleri Olaf Shols va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalalarini jumladan, Rossiya-Ukraina urushini yakunlash uchun tayyorlangan «G‘alaba rejasi»ni muhokama qilishdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining Yevropa poytaxtlari bo‘ylab turnesi doirasida, Rim, Parij va Londondan so‘ng Berlinga keldi.

Yuqori xavfsizlik choralari qo‘llangan sharoitda Zelenskiy mingan vertolyot Shols kanselyariyasining orqa hovlisiga qo‘ngan. Zelenskiyni Sholsning o‘zi kutib olgan.

Uchrashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Shols bu Zelenskiyning joriy yil ichida Germaniyaga to‘rtinchi safari ekanligiga urg‘u bergan.

«Germaniya Ukraina tomonda qat’iy turishda davom etadi», — degan Shols.

Germaniya Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Yevropada birinchi, jahonda ikkinchi o‘rinda ekanini qayd etar ekan, kansler Shols bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishiga va’da berdi.

Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlari

Sentyabr Ukrainadagi rus qo‘shinlari uchun eng halokatli oy bo‘ldi. Bu haqda AQSh armiyasining yuqori martabali vakiliga tayanib, The New York Times gazetasi xabar berdi.

AQSh va Britaniya tahlilchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari sentabr oyida kuniga 1,2 ming harbiy xizmatchisidan ayrilgan — bu may oyida o‘rnatilgan maksimal ko‘rsatkich atrofida.

Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya 600 mingdan ortiq harbiy xizmatchisini yo‘qotgan. Ularning 115 ming nafari o‘ldirilgan va 500 ming nafari yaralangan.

AQSh, shuningdek, Ukraina tomoni ham katta yo‘qotishlarga duch kelganini prognoz qilmoqda. NYT suhbatdoshlaridan biri Ukraina Qurolli kuchlari tarkibida bo‘lgan 57,5 ming harbiy xizmatchi o‘ldirilgani va 250 mingdan ortig‘i yaralanganini aytgan.

Shunga qaramay, Rossiya oyiga 25-30 ming nafar yangi askarlarni jalb etmoqda — taxminan yana xuddi shunchasi jang maydonini tark etmoqda. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya armiyasiga qo‘shinlarni Ukraina mudofaa pozitsiyalariga qayta-qayta yuborish imkonini beradi.

BBC rus xizmati «Mediazona» va volontyorlar jamoasi bilan birga urush boshlanganidan beri qariyb 73 ming rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘lganini nekrologlar va qabrlarni sanab, aniq hisoblab chiqqan. 

Ko‘proq yangiliklar: