O‘zbekistonda chetdan keltiriladigan qator tovarlar uchun aksiz solig‘i pasaytirildi

Iqtisodiyot 13:04 / 18.04.2017 18779

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab respublikaga chetdan keltiriladigan aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladigan aksiz solig‘i stavkalarida bir qator o‘zgartirishlar amalga oshirildi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Bunda eng muhim ikki jihat inobatga olingan. Ya'ni, ushbu o‘zgarishlar avvalo aholini muhim va sifatli oziq-ovqatlar bilan ta'minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, chetdan olib kiriladigan ayrim xom-ashyolar uchun aksiz solig‘ining tushirilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjyeti parametrlari to‘g‘risida” 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-son Qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Masalan, bug‘doy uni uchun tovarning bojxona qiymatidan 11 foizi miqdorida undirib kelingan aksiz solig‘i endilikda 5 foizni tashkil qiladi.

Kungaboqar yog‘i, saflor (maxsar) yog‘i va ularning fraksiyalari uchun bu ko‘rsatkich ilgari 20 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda 10 foizga (biroq 1 kg uchun 0,16 AQSh dollaridan kam emas) kamaytirildi.

Tayyor yoki konservalangan, uksus yoki uksus kislotasi qo‘shilmagan, muzlatilmagan boshqa sabzavotlar (Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasidagi 2006 tovar pozitsiyasi mahsulotlaridan tashqari uchun aksiz solig‘i) 50 foizdan 10 foizga, meva va sabzavot sharbatlari (ananas va sitrus sharbatlaridan tashqari) uchun esa 70 foizdan 30 foizgacha (lekin l. 0,50 AQSh dollaridan kam emas) tushirildi.

Shuningdek, souslar tayyorlash uchun mahsulotlar va tayyor souslar; ta'm beruvchi qo‘shimchalar va aralash ziravorlar; xantal kukuni va tayyor xantal (gorchitsa) uchun aksiz soliqlari ham sezilarli ravishda ya'ni, 70 foizdan 25 foizgacha tushirildi. 

Eng muhim yangiliklardan yana biri dvigatelining hajmi 2 800 kub. sm.dan ko‘p bo‘lmagan yangi yuk tashish avtomobillari uchun aksiz solig‘i endilikda 30 foiz (muqaddam 70 foiz edi) qilib belgilandi.

Bundan tashqari, soya yog‘i va uning fraksiyalari, makaron mahsulotlari, ayrim turdagi polietilen, tunuka va yog‘ochdan tayyorlangan mahsulotlar uchun aksiz solig‘i butunlay bekor qilindi.

Tabiiyki, ushbu yangiliklar endilikda bu kabi tovarlarni respublikaga olib kiradigan importyorlar uchun mazkur imtiyozlar natijasida tejab qolingan mablag‘larni o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirishga yo‘naltirishlari bilan ham ahamiyatlidir.

Masalan, 2016 yilning birgina 2 choragida olib kirilgan bunday tovarlar uchun davlat byudjyetiga salkam 13 mln. AQSh dollari ekvivalentidagi aksiz solig‘i undirilgan bo‘lsa, joriy yilning ushbu choragida o‘tgan yilning mos davridagi import hajmi saqlanib qolgudek bo‘lsa, u holda salkam 33 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘ endilikda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining o‘z ixtiyorlarida qolishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: