Qisqa fursatda aholi tadbirkorligi uchun qariyb 242 milliard so‘m kredit ajratildi

Iqtisodiyot 09:33 / 14.04.2017 9565

“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki “2017 yil  — Xalq bilan muloqat va inson manfaatlari yili”da amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalarni yil boshida qat'iy belgilab olgan edi. Unga ko‘ra, 2017 yilda mamlakatimizda xususiy tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, aholining banka nisbatan ishonchini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangandi.

Ushbu dastur asosida “Oddiy aholini tadbirkor qilish” shiori ostida aholini sohaga yanada kengroq jalb qilish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, tashkiliy va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida bank tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, “Agrobank” ABT tomonidan aholini tadbirkorlik turlariga keng jalb qilish, ayniqsa, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanishlarini tashkil etish maqsadida o‘tgan fursatda respublikamizning barcha hududlaridagi 1 million 300 mingdan ziyod xonadon  qamrab olindi.

Buning uchun aholi bilan muloqotlarni sifatli tashkil etishga qaratilgan maxsus jadval ishlab chiqilgan bo‘lib, shu asosda qishloq hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda joylarda uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Erkin muloqot tarzida tashkil etilgan bunday uchrashuvlarda bugun tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida mamlakatimizda boshlangan yangi bosqichdagi islohotlarning mazmun-mohiyati, tadbirkorlikdan keladigan davlat hamda xalq manfaatlari xususida batafsil tushuncha va ma'lumotlar berildi.

Bundan tashqari har bir xonadonga bank tomonidan maktublar yo‘llandi. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida hamda aholining tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishlarini aniqlashga qaratilgan maxsus so‘rovnomalar ham yuborildi. 

Bank xodimlari har bir xonadonga kirib, ularning tadbirkorlik bilan shug‘ullanish bo‘yicha imkoniyat va sharoitlarini o‘rgandilar, maxsus so‘rovlar ham o‘tkazdilar. Bundan tashqari, aholining sohaga qiziqishini orttirish hamda bu jarayonlardan xabardorligini yanada oshirish maqsadida maxsus buklet shaklidagi namunaviy biznes loyihalar tarqatildi. Bankning imtiyozli kreditlash tartibotlari, bu boradagi boshqa yo‘l-yo‘riq va me'yoriy xujjatlardan iborat tadbirkorlik burchaklari loyihalari joylarga yetkazildi Shu asosda fuqarolar yig‘inlari va bank binolarida maxsus tadbirkorlik burchaklari tashkil etildi.

Bu jarayonlarda tuman, qolaversa, fuqarolar yig‘inlari joylashgan hududning imkoniyatlariga ham e'tibor qaratilmoqda. Bu esa namunaviy shakllar asosida biznes loyihalarni taklif etish, aholining ishbilarmonlik faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik turlariga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunda albatta, hududning xomashyosi va mehnat resurslari, mahalliy an'analariga e'tibor qaratilayotgani ham ijobiy samaradorlikka sabab bo‘lmoqda. 

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan va kreditga talabi bor oila vakillarining biznes loyihalari bank filiallari tomonidan qisqa muddatlarda o‘rganilib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda yaqindan ko‘mak berilmoqda. Tizimli tartib asosida kredit ajratish jarayonini har bir kreditlash tarmoq boshqarmalari tomonidan muntazam kunlik monitoring qilib borilmoqda.

Bunday sa'y-harakatlarning samarasi o‘laroq o‘tgan qisqa fursat davomida aholi punktlari va mavzelarida o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida aholining asosiy qismi tadbirkorlikning u yoki bu turi, ayniqsa, bog‘dorchilik, chorvachilik, ixcham issiqxona, parrandachilik, hunarmandlik, kasanachilik, xizmat ko‘rsatish, servis va boshqa sohalar bilan shug‘ullanish istagini bildirgan. Shu asosda kreditlash munatzam davom etmoqda.

Shu kunga qadar bank tomonidan qariyb 37 ming nafar tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan hamyurtlarimizga jami  242 milliardga yaqin kreditlar ajratildi.
– Davlatimiz rahbarining har bir xonadon tomorqasiga yong‘oq, limon ekib, shuning ortidan daromad olishi kerakligi  borasidagi tashabbusi  bizni yanada ruhlantirib yubordi, – deydi ulug‘norlik Ahmadali Abdullayev.  – Shu bois,  tomorqamizda ixchamgina issiqxona tashkil etib, limon yetishtirishni  maqsad qildik. Ezgu niyatim amalga oshishida “Agrobank”ning tuman filialidan  ajratilgan 7 million so‘m kredit qo‘l keldi. Ochig‘i, limon mevasi shifobaxsh  xususiyatlarga egaligi  ham ko‘pchilikka ma'lum. Shu sababdan ham u juda xaridorgir. Bundan tashqari, biz tomonlarda limon yetishtirishning hadisini olgan kishlar talaygina. Tomorqasidagi bir qarich yerga mehr berib, turli  meva-sabzavotlardan bir yilda uch martalab hosil olishayotgani ham haq gap.  Biz ham  mo‘'jazgina issiqxonadan samarali foydalanish maqsadida  limon ko‘chatlari qator oralariga ro‘zg‘or uchun pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri kabi sabzavot ekinlarini ekib qo‘ydik. Bu bilan qo‘shimcha daromad oshib, oilamiz farovonligi ta'minlanadi. 

–    Qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish borasida ko‘pdan beri niyat qilib yurardim, – deydi Shirin shahridagi M.Ulug‘bek MFYda istiqomat qiluvchi  yakka tartibdagi tadbirkor  Nargiza Abduqahhorova. –  Ammo uni amalga oshirish uchun menda yetarlicha mablag‘ yo‘q edi. Prezidentimizning mikrokreditlar ajratish bo‘yicha qabul qilingan qarori faoliyatimni boshlashda madad bo‘ldi.  Qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga oid biznes reja tuzib bankka taqdim etdim. To‘g‘risi, boshida biroz qiyinchiliklar ham bo‘ldi, biroq bank xodimlari kredit ajratish borasidagi muammoni tezda hal qilib berishdi. Bunda, albatta, davlatimiz rahbari tomonidan aholini  ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash borasida  hududlarda olib borilayotgan islohotlarni alohida ta'kidlash joiz. Boisi, endilikda ba'zi rahbar va mutasaddilar aholi bilan muloqot qilish, xalqning dardu tashvishini eshitish kerakligini tushunib yetmoqda. Bu esa biz kabi tadbirkorlik faoliyatini boshlayotganlarning yo‘lini ochib bermoqda. Aslida ham bir tadbirkor o‘z oilasi, mahallasiga nafi tegishi, yurt farovonligiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shishga intiladi. 

— Bank xodimlari uyimizga kelib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni taklif qilishganida, avvaliga unchalik ham hoxlamadim — deydi namanganlik Yulduzoy Bo‘tayeva. — Agrobank mutaxssislari hovlimizdagi sharoit bilan tanishgach, bu yerda  ixcham issiqxona tashkil etish mumkinligni va buning ortidan olinadigan daromad haqida ham erinmay tushuntirishdi. Shundan keyin hovlimizda ixcham issiqxona tashkil etishga qaror qildik. Shu maqsadda Agrobankning Pop filialidan 2,9 mln so‘m kredit oldik. Kunlar iliy boshlagach ishlarni boshlab yubordik. Issiqxonaga limon ekmoqchimiz. Bunga qo‘shimcha kamida 50 ta tovuq boqishni rejalaganmiz. Buning sababi bor, albatta. Qish kunlari tovuqlar ana shu issiqxonada saqlansa, parrandalar tanasidan chiqayotgan issiqlik bu yerdagi iliq haroratni bir me'yorda ushlab turar ekan. Issiqxonani isitish uchun ortiqcha harajatga xodat qolmas ekan. Bu haqda ham bank mutaxassislari tushuntirib berishdi.

Bankdan kredit olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yayotgan bu kabi yurtdoshlarimiz safi kun sayin kengayib bormoqda. Eng muhimi xalqimizda tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqish va bu sohaning kelajagiga bo‘lgan ishonch ortmoqda.

Xulosa qilib aytganda Agrobank o‘z oldiga qo‘ygan rejalarini bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. Maqsad esa bitta, u ham bo‘lsa, xalqimizni hayotini yanada yaxshilash, buning uchun esa ularni qo‘shimcha daromad manbaalaridan foydalanishga o‘rgatish va shu orqali yurt farovonligini ta'minlashdir.

Bank matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida.

Ko‘proq yangiliklar: