Yaponiyada kartoshka tanqisligi yuzaga keldi

Iqtisodiyot 22:38 / 14.04.2017 7671

Yaponiyada chips va sneklar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalar Calbee va Koike-Ya sotuvdan 49 turdagi mahsulotini qaytarib oldi. Kompaniyalarning bunday qilishiga Yaponiyada kartoshka yetishtiriladigan bosh plantatsiyalar joylashgan Xokkaydo prefekturasidagi hosilsizlik sabab bo‘ldi. Natijada do‘konlarda chipslar tanqisligi yuzaga keldi, bori esa esa auksionda asl narxidan deyarli 6 marotaba qimmatga sotilmoqda. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda

Calbee kompaniyasi Yaponiyadagi chipslar bozorining 75 foiziga egalik qiladi va kartoshkaning hosilsizligi tufayli 15 turdagi mahsulotini yetkazib berishdan voz kechdi. 2016 yilda Xokkaydo prefekturasiga birdaniga 4 ta to‘fon yopirilgan. Bunday holat oxirgi 100 yil ichida biror marta ham kuzatilmagandi. Prefekturadagi plantatsiyalar kartoshka hosilining 80 foizini ta'minlaydi. 

Calbee chipsining pitssa mazali bir pachkasini auksion orqali 1250 yyenga sotib olish mumkin bo‘lmoqda. Vaholanki, avval xuddi shu chips 200 yyen turgan. Tvitterning yaponiyalik foydalanuvchilari avval chipslar bilan liq to‘la bo‘lgan do‘kon peshtaxtalarining bo‘shab yotgan suratlarini chop etishmoqda va ushbu holatni "kartoshka inqirozi" deb atashmoqda.

TV Asahi telekanali so‘rovlariga ko‘ra, Calbee chipslari yaponiyalik tomoshabinlarning eng sevimli yeguliklari orasida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan. Tomoshabinlarning fikricha, bu chipslar qandolatchilik mahsulotlari, guruch krekerlari va makkajo‘xori tayoqchalaridan ham totliroqdir.

Calbee va Koike-ya Inc kompaniyalari yaqin orada ushbu muammoga kartoshkadan taom va frilar sotuvchi kafe va restoranlar ham uchrashidan ogohlantirishdi. AQShdan olib kelinayotgan kartoshka zarur hajmlarni qoplashga yetmayapti. Kartoshka tanqisligi oqibatida uning 4 donadan iborat porsiyasi narxi 90-100 yyendan 180-200 yyengacha ko‘tarilib ketdi.

Chips ishlab chiqaruvchilar muammoni AQShdan kartoshka olib kelish bilan hal qilishmoqchi. Biroq Yaaponiyada olib kiriladigan kartoshka hajmiga cheklov mavjud. Shuningdek, ular Kyusyu orolidagi hosilga ham umid qilishmoqda. Biroq kompaniyalar savdolar qachon yana avvalgidek ko‘rinishga qaytishini aytishga tayyor emaslar. 

Ko‘proq yangiliklar: