Ferrari kompaniyasi dizayn-markazi o‘z tarixida birinchi marta ofis kursisini yaratadi. Hammasi bo‘lib kursining ikki varianti o‘ylab chiqilgan: mos ravishda 10 ming va 7 yarim ming yevro turuvchi President hamda Executive modellari. Ular Italiyaning Poltrona Frau mebel korxonasi tomonidan ishlab chiqariladi.
Kursi korpusini karbondan yoki alyuteks materialidan tayyorlash taklif etilmoqda. Buyurtmachi material va qoplama rangini o‘z xohishiga qarab tanlashi mumkin, shu bilan birga, kursilar uchun qoplamalar Ferrari superkarlarida ham ishlatilgan bo‘ladi.
Kursini noyabr-dekabr oylarida Poltrona Frau do‘konlaridan buyurtma qilish mumkin. Ular Ferrari Store’da sotish uchun taqdim etilishi hozircha noma'lum.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Porsche ham ofis kursisini ishlab chiqqandi. U 6570 dollar turadi.