So‘nggi vaqtlarda ko‘plab transport vositalari harakatlanishda ichki yonuv dvigatellari o‘rniga elektr energiyasidan quvvat oluvchi motorlardan foydalanmoqda. Xorijiy rivojlangan mamlakatlarda allaqachon kundalik transport vositasida keng qo‘llanilayotgan elektromobillar haqida juda ko‘p eshitganmiz. Ammo, hozirda, elektrodvigatelli samolyotlar ham paydo bo‘lmoqda.
Yaqinda Germaniyaning Siemens kompaniyasi shunday samolyotlardan biri Extra 330LE prototipini ishlab chiqdi. U sinov parvozi chog‘ida o‘z toifasidagi qurilmalar orasida jahon rekordini o‘rnatdi. Bundan tashqari, u planerni belgilangan balandlikka torta olgan ilk elektr samolyot ham bo‘ldi.
Extra 330LE dvigatelining vazni 50 kg bo‘lgani holda 260 kVtni taqdim eta oladi. Havo kemasining og‘irligi 1 ming kgni tashkil etadi. Yangi rekord qayd etilgan parvoz shu yilning 23 martida amalga oshirilgan. U Dinslaken Schwarze Heide Airfield aerodromidan havoga ko‘tarilib, soatiga 337,5 km tezlikka chiqa olgan. Keyinroq, Extra 330LE planerni shatakka olib, 76 soniyada 600 balandlikka olib chiqqan. Samolyotni uchuvchi Uolter Ekstra boshqargan. Siemens kompaniyasining sho‘'ba korxonasi hisoblanuvchi eAircraft firmasi rahbari Frenk Entonning aytishicha, rekord parvozlar va planerni tortish yangi dvigatel imkoniyatlari ishonchli ekanini tasdiqlaydi. 19 kishini tashishga mo‘ljallangan gibrid samolyot uchun esa 6ta shunday motor yetarli bo‘ladi.