Hindistonga o‘tgan yili 67 ming tonnadan ortiq mosh yetkazib berildi

Iqtisodiyot 12:55 / 06.04.2017 9294

Hindiston  uzoq yillardan beri o‘zbek moshini muntazam xarid qilib keladi. Birgina o‘tgan yili mazkur mamlakatga 67 ming tonnadan ortiq shunday mahsulot yetkazib berildi, deb yozadi “Xalq so‘zi” gazetasi. 

Bu 2015 yildagiga qaraganda uch baravar ko‘pdir. Bunda “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. “Shri Niwas Dall And Besan Mill”, “Green Field Agro”, “Avika Foods” va “Eco Green Import&Export” singari Hindiston kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar imzolangan. Darvoqe, ushbu mahsulotni, asosan, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari dehqonlari yetishtirib berayotir. Joriy yilning yanvar oyida “O‘zagroeksport” tomonidan Hindistonga 300 tonna mosh eksport qilindi. Mart oyining oxirida yana ikki ming tonna mahsulot yuklanib, ushbu manzil tomon jo‘natildi. Bundan tashqari, hind hamkorlar taklifiga binoan, respublikaning turli hududlarida keyinchalik eksport qilish uchun moshning yangi navlari, jumladan, “Black Matpe” navini sinov tariqasida yetishtirish mo‘ljallanayapti. 

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami kelgusida ortib boraveradi. Negaki, birgina 2016 — 2020 yillarda meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlarining xom ashyo bazasini yanada rivojlantirish, ularni qayta ishlashni chuqurlashtirish, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish va eksport qilishni ko‘paytirish dasturiga muvofiq, 596 million AQSh dollarilik 180 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: