Endilikda meva-sabzavot mahsulotlari Mo‘g‘uliston va Vetnamga ham yetkazib beriladi

Iqtisodiyot 12:49 / 06.04.2017 8943

Yaqinda Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “ProdEkspo — 2017” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini yangi bozorlarga, xususan, Mo‘g‘uliston va Vetnamga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Endilikda mazkur mamlakatlarga sarxil va quritilgan meva, poliz hamda dukkakli mahsulotlar eksport qilinadigan bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Xalq so‘zi” gazetasi.

Ko‘rgazma doirasida Xitoyning “Honkong Line Trading CO LTD”, Qozog‘is-tonning “Metro Kesh End Kerri”, Belarusning “Yevrotorg”, Rossiyaning “Chelni-xleb”, “SPAR Tula”, Mo‘g‘ulistonning “Happy Fruits” va boshqa kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar yakunida jami 74 million AQSh dollarilik sarxil hamda qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlar savdosi bo‘yicha bitim imzolandi.

Germaniya poytaxtida bo‘lib o‘tgan “Yashil hafta — 2017” yarmarkasi doirasida esa 151,1 million dollarlik shartnomalar tuzildi. Qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, bog‘dorchilik va oziq-ovqat sanoatining eng so‘nggi yutuqlari namoyish etilgan yirik forumda 66 mamlakatning 1,6 mingdan ortiq kompaniya hamda fermer xo‘jaliklari qamrab olindi. Unda O‘zbekiston kompaniyalari ham munosib ishtirok etdi. Mazkur nufuzli xalqaro yarmarkada “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zvinosanoat-xolding” xolding kompaniyalari, “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati singari tashqi savdo tuzilmalari, respublikaning turli hududlaridan fermer xo‘jaliklari O‘zbekiston agrosanoati salohiyatini namoyish qilishdi. 

Yarmarka doirasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Latviya, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy, BAA va Turkiya vakillari bilan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Ko‘proq yangiliklar: