Istanbulning uchinchi aeroporti Turkiyaning iqtisodiy o‘sishiga imkon yaratadi

Iqtisodiyot 23:01 / 05.04.2017 5811

Ayni paytda barpo etish ishlari davom etayotgan Istanbulning uchinchi aeroporti Turkiya iqtisodiyoti rivojiga katta hissa qo‘shadi va aholi bandligini ta'minlashda ko‘maklashadi, — dedi "Anado‘lu" agentligiga Turkiya naqliyot, kemasozlik va kommunikatsiya vaziri Ahmad Arslon.

"Istanbulda uchinchi aeroport qurilishi savdo-sotiqni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi va 2025 yilga borib Turkiya YaIMining 4,9 foizga o‘sishiga olib keladi. Bu juda katta raqam. Faqat yangi aeroportdan foydalanishning o‘zigina Turkiya daromadlarining 79 milliard dollarga oshishiga olib keladi", — degan Arslon.

Vazirning ta'kidlashicha, Turkiyada fuqaro aviatsiyasi sohasi ancha taraqqiyotga erishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya prezidenti va hukumati fuqarolik aviatsiyasi sohasini rivojlantirishga katta e'tibor berib kelmoqda. 

«Turkiyadagi aeroportlar soni 25 tadan 55 tagacha ko‘paydi. Samolyotlar Turkiyaning ko‘plab viloyatlariga uchmoqda. Masalan Igdir viloyatidan samolyotda mamlakatning istalgan shahriga yetib olish mumkin. Bu esa fuqarolik aviatsiyasi sohasida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarimizning muhim ko‘rsatkichidir. Agar ilgari Turkiyada yo‘lovchilar oqimi yiliga 35 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytga kelib bu ko‘rsatkich 180 millionga yetgan», — dedi Arslon.

Vazirning qayd etishicha, butun dunyo Istanbulning yiliga 200 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladigan yangi aeroportini hayrat va hasad bilan kuzatib turibdi.

Istanbulning uchinchi aeroporti qurib bitirilgach, dunyoning eng yirik transport tugunlaridan biriga aylanadi. U foydalanishga topshirilgach, Istanbuldan dunyoning 350 shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar amalga oshirila boshlanadi. 

Aeroportda Yevropadagi eng yirik — 18 ming avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh ham xizmat ko‘rsata boshlaydi. Aeroportning ishga tushirilishi 100 ming yangi ish o‘rnining ochilishiga sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Istanbulda ikkita yirik xalqaro aeroport faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan yirikrog‘i — Otaturk nomidagi xalqaro aeroport shaharning Yevropa qismida joylashgan bo‘lib, yiliga 57 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Osiyo qismidagi Sabiha Go‘kchan nomidagi xalqaro aeroport yiliga 23,5 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

Ko‘proq yangiliklar: