Shveytsariyaning Lugano shahridagi ikkita shifoxona laboratoriya namunalari, jumladan qon namunalarini yetkazish uchun dronlarni sinovdan o‘tkazishni boshladi. Ushbu yangi usul murakab yo‘l vaziyatidan qochishga va biomaterialni tezkorlik bilan yetkazishga yordam beradi. Loyiha Swisspost pochta xizmati ko‘magida paydo bo‘lgan.
AQShning Matternet kompaniyasi ishlab chiqargan dronlarga namunalar bilan to‘ldirilgan idish joylanadi. So‘ngra shifoxona xodimlari mobil dastur yordamida dronni kerakli joyga yetkazadilar. Belgilangan joyda idishni boshqa shifoxona xodimlari qabul qilib oladilar.
Kompaniya piyodalarga jarohat yetmasligi uchun aviatsiya sohasida tartibga soluvchi idoralar bilan hamkorlik qilishni boshladi. Dron binolar yoki parvozlar uchun yopiq hududlarni chetlab o‘ta oladi.
Dron og‘irligi 2 kg gacha bo‘lgan yukni 20 km gacha tashishi mumkin. Uning tezligi soatiga 36 km ni tashkil qiladi. Dronning infraqizil datchiklari favqulodda vaziyatni (misol uchun, elektronika buzilishi) ko‘rishga va dronning yerga parashyut yordamida qo‘nishiga imkon beradi.
Swisspost’da ta'kidlanishicha, tijorat uchun mo‘ljallangan dronlar tibbiyotda birinchi marta shahar sharoitlarida qo‘llanmoqda. Ruandada ham dronlar shunga o‘xshash vazifalarni: dori va qon yetkazishni bajargan.
Ma'lum qilinishicha, dronlar mart o‘rtalaridan sinala boshlangan. Bu vaqt ichida ikki shifoxona orasida 70 dan ko‘proq sinov o‘tkazilgan. Xizmat muntazam asosda 2018 yildan ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.