Porsche kompaniyasi mashinalari sinovlari qanday o‘tishi haqida so‘zlangan videorolikni namoyish qildi. Kompaniya ko‘plab tarixiy lahzalarni kiritgan videoda Vaysaxdagi sinov poligoni haqida so‘zlanadi.
Poligon 1966 yilda ochilgan. U maxsus aylanma maydonni o‘z ichiga olgan. Bu maydonda avtomobilning boshqaruvchanligi, uning sirpanish va keskin burilishlarda o‘zini tutishi sinaladi hamda yon tomonlama yuklamalar o‘lchanadi. Poligon hududida yomon yo‘llarni imitatsiya qiluvchi g‘adir-budirliklarga ega sinov treki, tuzli suv bilan to‘ldirilgan hovuz bor. Avtomobil kuzovining pastki qismlarining yemirilishga bardoshligi va barcha birikmalari ishonchliligini tekshirish uchun bu hovuzdan 30 km/soat tezlik bilan yurgazib o‘tiladi.
Bundan tashqari, poligonda aerodinamik tunnel va krash-testlar o‘tkazish uchun qurilma mavjud.