Masharipov qilgan ishidan pushaymon emasligini aytib, o‘ziga o‘lim hukmi chiqarilishini so‘radi

Jahon 12:21 / 14.02.2017 76379

Yangi yilning ilk soatlarida Istanbul shahridagi O‘rtako‘cha tumanida joylashgan Reina tungi klubiga Kalashnikov avtomati bilan bostirib kirib, odamlarni o‘qqa tutgan Abdulqodir Masharipov sudda o‘ziga o‘lim hukmi chiqarilishini so‘radi.

Sabah nashrining yozishicha, Masharipov Abu Jihod ismli shaxsdan Istanbulda terakt sodir etish ko‘rsatmasini olgan. U bu shaxs bilan hech qachon uchrashmaganini ham aytgan. Bu shaxs xabarchilar orqali u yashaydigan joyga avtomat, 6ta o‘qdon va 3ta qo‘l granatasi yetkazgan.

«Men IShID a'zosiman, mening maqsadim xristianlarni o‘ldirish edi. Abu Jihod aytgandiki, ular Taqsim maydoniga yig‘ilishni rejalashtirishgandi», – degan Masharipov.

Ammo 31 dekabr kuni Taqsim maydonida xavfsizlik choralari yuqori darajada bo‘lib, hududda juda ko‘p politsiyachilar to‘plangandi. Shundan so‘ng Masharipov Jihoddan Reina klubiga borish to‘g‘risida ko‘rsatma oladi.

«Men klubga kirib, yo‘limda uchragan odamga o‘q uzdim, qochayotganlarni o‘qqa tutdim, granata otdim, granatalardan birini boshim oldida portlatib yubordim, ammo bu shunchaki shovqinli granata bo‘lib chiqdi va men o‘lmay qoldim. Meni o‘lim jazosiga hukm qilishsa yaxshi bo‘lardi, chunki men o‘shanda klubga o‘limimni bo‘ynimga olib borgandim», – degan Masharipov. 

Ma'lumot uchun, Turkiyada o‘lim jazosi bekor qilingan.

U shuningdek, ommaviy qotillikni amalga oshirib bo‘lgach, klubdan hech qanday qarshiliksiz chiqqanini ma'lum qilgan. U qurollar va kiyimlarining bir qismini ichkarida qoldirgan, granata portlashi tufayli olingan kichik jarohatlar va yuziga qon sachragani uchun politsiyachilar uni jabrlanuvchi sifatida o‘tkazib yuborishgan. Tartibsizlik vaqtida politsiyachilar uni klub tashqarisidagi yo‘lakda nazoratsiz qoldirishgan. Masharipov esa u yerdan piyoda jo‘nab ketgan va keyinroq taksi to‘xtatib, Istanbulning boshqa hududidagi uyiga yetib olgan.

Sabah nashrining qayd etishicha, Masharipov qilmishidan pushaymon emas va o‘z harakatini musulmonlarning xristianlardan qasos olishi deb biladi. Suddagi shunday ko‘rsatmasidan keyin 11 fevral kuni ushbu terrorchini hibsga olish qarori chiqarildi. Ayni vaqtda u Istanbuldagi Silivri qamoqxonasida va sud ishi yakunini kutmoqda.

Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Masharipov 1 yanvarga o‘tar kechasi avtomat bilan qurollangan holda Reina tungi klubida qirg‘in uyushtirdi: uning hujumi oqibatida 39 kishi halok bo‘ldi, shundan 16 nafari xorijlik edi, ular orasida Saudiya Arabistoni, Marokash, Iordaniya, Livan, Liviya, Isroil va Rossiya fuqarolari bor edi. IShID ushbu xunrezlik uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga oldi. 16 yanvar kuni Masharipov qo‘lga olingan kvartirada unga tashkilot tomonidan terakt ijrosi uchun to‘langan 200 ming dollar ham topildi.

Ko‘proq yangiliklar: