O‘zbekiston 2020 yilda o‘z paxtasini to‘liq qayta ishlaydi

Iqtisodiyot 20:30 / 31.01.2017 8538

O‘zbekistonda 1991 yilda paxta tolasini qayta ishlash hajmi 7 foizdan oshmagan bo‘lsa, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 40 foizgacha o‘sdi. Bugungi kunda tarmoq korxonalari mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini jahondagi 50 dan ziyod mamlakatga eksport qilmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda Braziliya, Chili, Xorvatiya, Nigeriya kabi davlatlarga yengil sanoat mahsulotlarining eksporti yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 21 dekabrdagi  «2017-2019 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qarori sohada yangi  imkoniyatlar eshigini ochdi.

– Mazkur dastur 2020 yilga qadar yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasini to‘liq qayta ishlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport salohiyatini 2,7 barobardan ko‘proqqa oshirish hamda ichki va tashqi bozorga yetkazib berishni nazarda tutadi, – deydi “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari  Sanjar To‘xtayev.

Tahlillarga ko‘ra, hozir eksportning qariyb 50 foizini ip-kalava tashkil etmoqda. Kelgusida  uning hajmini bosqichma-bosqich kamaytirish hisobiga yarim tayyor va tayyor, yuqori qiymatli mahsulotlarni eksport qilishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Ayni vaqtda tayyor mahsulotlar ulushi umumiy ishlab chiqarishning 47 foizini tashkil etayotgan bo‘lsa, istiqbolda 65,5 foizgacha, eksport tarkibidagi ulushi 41 foizdan 70 foizgacha o‘sishi ta'minlanadi.

Dastur doirasida 2017-2020 yillarda  sohaga 2,2 milliard dollardan ortiq mablag‘ (shuning deyarli yarmi xorijiy investitsiya) jalb qilinadi. Investitsion  loyihalar to‘rt bosqichli tizim asosida paxta xomashyosini qayta ishlab, tayyor mahsulotgacha ishlab chiqarishga ixtisoslashgan maxsus to‘qimachilik komplekslari va 27 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, 120 yangi korxonani tashkil etish va o‘ndan ortiq ishlab chiqarish korxonasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Demakki, barcha hududlarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilga borib, paxta tolasidan ishlab chiqarilgan ip-kalava mahalliy korxonalarda to‘liq qayta ishlanadi. Natijada to‘qimachilik yarim tayyor mahsulotlari eksportining keskin qisqarishiga va tashqi bozorlarga yetkazib berilayotgan tayyor mahsulotlar hajmining 2,1 barobarga oshishiga erishiladi.

Ko‘proq yangiliklar: