Amerikaning Boeing korporatsiyasi keng ko‘lamli ish tashlashlar fonida 17 mingta ish o‘rnini qisqartirishga qaror qildi, deb xabar beradi Reuters agentligi. Bu jami xodimlarning 10 foizini tashkil etadi.
Qayd etilishicha, kompaniya 777X samolyotlarining dastlabki yetkazib berish muddatini bir yilga kechiktiradi. Boeing bosh direktori Kelli Ortbergning so‘zlariga ko‘ra, xodimlarning sezilarli darajada qisqarishi «real moliyaviy holatga mos keladi». Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniya rahbariyati a’zolari, menejerlar va oddiy xodimlar qisqatirishga tushadi.
Ortbergning aytishicha, ishlab chiqarishdagi muammolar, yozgi sinovlar va ish jarayonining to‘xtab qolishi tufayli Boeing 777X samolyotlari 2026 yilda yetkazib berilishi haqida mijozlar xabardor qilgan.
Boeingʼda ish tashlashlar bir oydan beri davom etmoqda. Konsern uchinchi chorakda rekord darajada — 5 milliard dollar zarar ko‘radi. S&P reyting agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, ish tashlash Boeing kompaniyasiga oyiga 1 milliard dollardan zarar keltiradi.
Boeingʼning Sietl va Portlenddagi 30 mingdan ortiq xodimi o‘z maoshlarining 40 foizga oshirilishini talab qilmoqda. Kompaniya mehnatga to‘lanadigan haqni 25 foizga oshirish taklifini bildirdi, ammo bu rad etildi.