Intel o‘z tarixidagi eng yirik inqirozga duch keldi. Kompaniya Qualcommʼga sotib yuborilishi mumkin

Jahon 22:11 / 12.10.2024 4480

Intel kompaniyasi yarim asrdan oshadigan tarixidagi eng yirik inqirozni boshdan o‘tkazmoqda. Oxirgi bir yilning o‘zida uning aksiyalari taxminan ikki barobarga arzonlashdi, deb yozadi The Wall Street Journal. Hozirda kompaniyaning bozor qiymati 90 milliard dollarga baholanmoqda, 2020 yilda esa 290 milliard dollardan ortiqqa baholangan edi.

Avgust oyida 2024 yil oxiriga qadar Intel 15 ming nafar xodimini (umumiy shtatning 13 foizi) qisqartirishni va dividendlar to‘lovini to‘xtatishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. Bu 2021 yilda bosh direktor lavozimiga o‘tirgan Pet Gelsingerning xarajatlarni qisqartirish borasidagi kampaniyasining bir qismidir. Ammo hozirda u kutilgan natijalarni berganicha yo‘q.

The Economist’ning qayd etishicha, inqirozga Intel oxirgi 20 yilda bozordagi dolzarb trendlarga e’tibor qaratmagani yoki ularning ortidan yetib olishga ulgurmagani sabab bo‘lgan. Masalan, 2000 yillarda kompaniya kompyuterlar uchun chiplarni ishlab chiqarishda yetakchi bo‘lgan, biroq mobil qurilmalar potensialini ko‘zdan qochirgan. Natijada, bu boradagi talabni boshqa kompaniyalar payqab qolgan.

Intel, shuningdek, mikrosxemalar ishlab chiqarishda juda qimmat turadigan usuldan foydalangan. Natijada, kompaniya sun’iy intellekt uchun faol ravishda rivojlanib borayotgan chiplar bozorida yetakchilikni egallay olmagan. Hozirda ushbu sohada Nvidia yetakchi bo‘lib, u dunyodagi eng qimmat kompaniyalardan biriga aylandi — uning bozor kapitalizatsiyasi 3,3 trillion dollardan oshadi.

Bundan tashqari Intelʼning asosiy biznesida ham muammolar bor — Amerika kompaniyasi TSMC’ga texnologik yetakchilikni boy berdi. Grafik kartalar bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga bo‘lgan urinish amalga oshmadi. 2024 yil ikkinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Intelʼning ushbu sohadagi ulushi 0 foizga baholangan. Bunda ham Nvidia birinchi o‘rinda ketyapti — bozorning 88 foizi unga tegishli.

20 sentabr kuni The Wall Street Journal vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib, mobil telefonlar uchun chip ishlab chiqaradigan Qualcomm kompaniyasi Intelʼni sotib olishga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi. Manbalarning ta’kidlashicha, hozirda bitim imzolanishiga ancha bor, ammo bu amalga oshsa, so‘nggi yillarda sanoatdagi eng yirik va eng muhim voqealardan biriga aylanadi.

Ushbu ma’lumotni, shuningdek, The New York Times’ning manbasi ham tasdiqlagan. Nashrning qayd etishicha, hozircha Qualcomm bunday bitim amalga oshishi mumkinligini baholamoqda va Intelʼni xarid qilish bo‘yicha rasmiy taklif bildirmagan. Har ikkala kompaniya vakillari ham holatga izoh berishdan bosh tortgan.

WSJ jurnalistlarining taxminicha, mazkur bitimning amalga oshishi juda mushkul, chunki bunday yirik kompaniyaning qo‘shib olinishi monopoliyaga qarshi kurashish regulyatorlari e’tiborini o‘ziga tortadi. Ammo ayrim ekspertlarning hisoblashicha, Amerika hukumati chip ishlab chiqarish sohasida kuchli va daromadli kompaniya yaratilishidan manfaatdor bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: