Amerikaning mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi Intel kompaniyasi o‘z biznesini jonlantirish va raqobatchilariga yetib olish maqsadida 15 mingdan ortiq ishchisini qisqartirmoqchi ekanini ma’lum qildi. Ushbu yangiliklar fonida kompaniya aksiyalari qiymati 20 foizga tushib ketdi.
Kompaniya 2024 moliyaviy yilning to‘rtinchi choragida dividendlar to‘lamasligini va butun yilga mo‘ljallangan kapital xarajatlarini 20 foizdan ortiqqa qisqartirishini e’lon qildi.
Kompaniya bosh direktori Pet Xelsingerga ko‘ra, Intel’ning zararga kirishiga sun’iy intellekt yuklamalarni kamaytirishga yordam beradigan Ultra PS chiplarini ishlab chiqarishni tezlashtirish borasidagi qarorga bog‘liq. Shuningdek, u kompaniya Intel 4 hamda 3 chiplarini ishlab chiqarish Oregondagi zavoddan Irlandiyadagi zavodda ko‘chirishni tezlashtirishga qaror qilganini, bu esa qisqa istiqbolda ko‘plab xarajatlarni yuzaga keltirganini bildirdi.
Kompyuterlar uchun chiplar ishlab chiqaruvchi Intel Client Computing guruhi 7,41 milliard dollar daromad keltirgan, bu StreetAccount tahlilchilari prognozidan 9 foizga ko‘p. Ma’lumotlarni qayta ishlash va sun’iy intellekt markazi bo‘linmasi 3,05 milliard dollar daromad ko‘rdi — bu tahlilchilar prognozidan 3 foizga kam.
Kompaniyaning 15 mingga yaqin xodimi joriy yil davomida ishdan bo‘shatiladi. Bosh direktor kompaniya o‘z xarajatlari tuzilmasini Intel’ning yangi operatsion modeliga moslashtirishi va ish uslubini tubdan o‘zgartirishi kerakligini aytdi. Bundan tashqari, Intel «sun’iy intellekt kabi kuchli tendensiyalardan» hali foyda ko‘rmadi.
«Har ikkala muammoni hal etish uchun bizdan yanada dadil harakatlar talab etiladi, ayniqsa, moliyaviy natijalarimiz va 2024 yilning ikkinchi yarmidagi prognozlarimizni hisobga olganda», — deydi Xelsinger.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniya tez orada ishchilar uchun kengaytirilgan pensiya va ixtiyoriy ishdan bo‘shatish dasturini taklif qiladi.