O‘zbekistonda naqd pul muammosi bankomatlar o‘rnatish bilan hal etiladi

Iqtisodiyot 11:51 / 26.01.2017 77971

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki plastik kartadan naqd pul yechib olish muammosini hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Bu haqda Markaziy bank pul muomalasi departamenti xodimi Faxriddin Boboyev Nuz.uz muxbiriga ma'lum qilgan.

MB vakilining so‘zlariga ko‘ra, hozirda, O‘zbekistonga 2 ming dona infokiosk va ming dona bankomat yetkazib berish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu qurilmalar bank bo‘limlari hamda ishchilari soni 50dan ortiq bo‘lgan kompaniya va korxonalarda o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

"Bundan tashqari, naqd pulsiz hisob-kitob tizimini rivojlantirish ham davom ettiriladi. Tez orada, respublikadagi barcha savdo va xizmat nuqtalari terminallar bilan ta'minlanadi. Shu bilan naqd pul muammosi barham topadi", — deya ishonch bildirgan Markaziy bank vakili. 

Faxriddin Boboyev, shuningdek, shahar va qishloq joylarda mini-banklar sonini oshirish rejasi mavjudligini ham qayd etgan. Shu paytga qadar, 5 km radiusda bitta bank, uning bo‘limi yoki mini-bank yetarli deb hisoblangan bo‘lsa, endilikda mazkur masofani 1 kmgacha qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.
 

Ko‘proq yangiliklar: