«Naqd pullar o‘limi» qachon yuz beradi?

Iqtisodiyot 13:40 / 24.01.2017 102752

Tasavvur qiling, dunyo naqd puldan to‘liq voz kechdi, nimalar bo‘lishi mumkin, hech o‘ylab ko‘rganmisiz? VC sharhlovchisi Oleg Uppit shu xususida fikr yuritib, jahon mamlakatlarida naqdsiz to‘lov tizimiga o‘tish tajribasi va ushbu to‘lov tarafdorlari va qarshilarning qarashlarini o‘rganib chiqdi.

Muallif Yevropa va uchinchi dunyo mamlakatlarida bu boradagi vaziyatni o‘rganib, Rossiya va uning qo‘shnilarida cashless society deb nomlanuvchi to‘lov tizimini joriy qilish muammolari xususida so‘z yuritdi.

Qayd etish joizki, naqd pullar ko‘pgina jinoyatlarning bosh omili sifatida baholanadi — aynan ular ko‘chalarda o‘g‘irlikka sabab bo‘ladi, «qora naqdlashtirish» vositasida noqonuniy daromadlar o‘zlashtiriladi va soliqlar to‘lanmaydi. Yashirin iqtisodiyot va jahon terrorizmi ham aynan naqd pulsiz mavjud bo‘la olmaydi.

Naqdsiz hisob-kitob esa davlat va pul o‘tkazuvchi operator-kompaniyalarga fuqaroning daromadi va xarajatlariga oid keng qamrovli ma'lumotlar olish imkonini beradi. Shunga ko‘ra, bu ayni shaxsga nisbatan marketing yoki qo‘pol ma'noda siyosiy bosim o‘tkazishda qo‘l keladi.

Xo‘sh, dunyoda naqdsiz to‘lovga o‘tish borasida tajriba qanday? Buni ayniqsa, O‘zbekistondagi vaziyat bilan taqqoslash foydadan xoli bo‘lmaydi, albatta.

Sashless society (naqdsiz jamiyat) qanday paydo bo‘lgan edi?

Naqdsiz to‘lovlarga o‘tish bo‘yicha kashfiyotchi mamlakatlar sifatida YeI davlatlari e'tirof etiladi. Garchi Yevropada Bryussel tomonidan cashless society borasida aniq dastur qabul qilingan bo‘lmasa-da, shunday tartibni o‘rnatishga doir yuqoridan bosim mavjud. Masalan, yaqinda 500 yevro nominalidagi pul birligini muomaladan olish taklif qilindi. Shu bilan birga, Umumevropa ko‘rsatmasi yo‘q bo‘lsa ham, tanga va qog‘oz pullardan voz kechish va plastik kartochkalarga o‘tish jarayoni Yevro hududidagi ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida jadallik bilan rivojlanmoqda.

Xususan, Fransiyada chakana savdolarning 50 foizdan ortig‘i, Niderlandiyada 52 foizi, Xorvatiyada esa, 90 foizi naqdsiz shaklda amalga oshiriladi.

Biroq bunday tendensiya hamma joyda ham birdek emas. Yevropaning birinchi iqtisodiyoti Germaniyada fuqarolarning savdo bitimlarini amalga oshirishdagi foizlar nisbatiga ko‘ra, aytish mumkinki, qo‘shni mamlakatlar va Germaniya bilan deyarli bir xil rivojlangan davlatlarga qaraganda ikki marta ko‘proq naqd pul mavjud.

2014 yilda nemislarning 82 foizi savdo bitimlarini amalga oshirishda faqat naqd puldan foydalangan. Bunda, hatto, ko‘chmas mulk yoki avtomobil xarid qilish kabi yirik xaridlarda ham pul o‘tkazish yo‘lidan foydalanilmagan. Sotsiologlar ushbu mamlakatga xos xususiyatni o‘tgan asrdagi iqtisodiy inqirozlar va giper inflyatsiyalar sababli xalq ongida hosil bo‘lgan qarashga bog‘lashadi.

Masalan, Veymar respublikasi davrida bir necha oy mobaynida milliy pul birligi trillionlab martaga qadrsizlangan. O‘shanda, maoshini olgan odamlar, narx navo ko‘tarilib qolmasligi uchun eski narxda biror narsa xarid qilishga ulgurib qolish maqsadida do‘konga chopish oddiy hol bo‘lgan. Chunki, tushdan so‘ng, pachka-pachka pullar devorga yopishtirish uchun gulqog‘oz bo‘lishga arzir edi, xolos.

Bunday sharoitda pullarni bankda saqlashdan ne naf. Shu bilan birga, Bolgariya va Ruminiya, shuningdek, Rossiyada kuzatilgan giperinflyatsiyalar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, fuqarolarning bir necha avlodi ertaga qadri qanaqa bo‘lishi dargumon bo‘lgan milliy valyutaga ishonmay qoladi. Odamlar orasida bank tizimiga ham ishonchsizlik kuchayadi va ular naqd xorijiy valyutada jamg‘arma to‘plashga urinishadi.

Garchi, Der Spigel «naqd pullarni taqiqlash narkosavdo va noqonuniy mehnat faoliyatiga zarba berishi»ni ta'kidlashi, Nemis iqtisodiy ekspertlari kengashi vakili Peter Bofengers naqd pullarni «eskilik sarqiti» deb atashiga qaramay, Germaniya Yevropaning cashless society talablaridan eng uzoq bo‘lgan mamlakati bo‘lib qolmoqda.

Sashless society borasida namunaga aylangan Shvetsiyada ham muammolar talaygina

Aytish joizki, naqdsiz jamiyat barpo etish tomon jiddiy intilishi bilan yaxshi ma'lum Shvetsiyada ham bu borada hammasi silliq ketayotgani yo‘q. Axir bu mamlakatda amalga oshiriladigan turli xil chakana savdoning 95 foizi pullardan jismoniy foydalanmasdan amalga oshiriladi. Hatto ko‘chada xayriya gazeta-jurnallari sotuvchi uysizlarda ham terminal mavjud.

Bu yerda Swish mobil to‘lov ilovasi keng tarqalmoqda. 2014 yilda ishga tushirilgan tizim bir yilda 3 milliondan ortiq foydalanuvchini o‘ziga jalb qila oldi.

Shu bilan birga, hukumat naqd pul aylanmasini keskin ravishda nazorat qiladi, bank ma'muriyati kimdir hisobidan naqd pullarni tez-tez olayotganini qayd qilsa, politsiyani chaqirishga haqli hisoblanadi. U, o‘z navbatida, pul egasining terrorchi yoki jinoyatchi emasligiga ishonch hosil qilishi kerak.

Bu shu bilan izohlanadiki, Shvetsiya iqtisodiyoti kasodga uchramasligi uchun pullarning doimiy aylanmasiga muhtoj. Buning uchun, hisob raqamlarda pul turgani uchun bank mijozga emas, balki bank xizmatidan foydalangani uchun mijoz bankka ma'lum bir foiz to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan hisob raqamlardagi pullarning yig‘ilib qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Hukumatning cashless-siyosati fuqarolarning xaridlarni amalga oshirishga majbur qiladi.

2011 yildan beri Shvetsiyada naqd pullar aylanmasi 30 foizga tushib ketdi. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bunday natijaga qanchalik urinishmasin, Avstraliya va Singapur ham erisha olgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, naqdsiz hisob-kitobga qarshilar ham yetarlicha topiladi.

Shvetsiyadagi kichik biznes majburiy tartibda kartochkalarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish haqlarini o‘z xarajatlari ro‘yxatga kiritishi kerak. Ammo Shvetsiyada total cashless (mutlaq naqdsiz) jamiyat barpo etishdagi yana bir to‘siq bu qishloq joylar muammosidir. Bu yerlarda yetarlicha POS-terminallar bo‘lmasligi o‘z yo‘liga, borlari ham gohida sifatsiz ulanish sababli, to‘lovni amalga oshirishda muammolarga duch kelinadi. Yana bir jihati shuki, davlat kartochkalarga xizmat ko‘rsatish haqini tobora kamaytirayotgani sababli, banklar joylardagi bankomatlarini olib chiqib ketmoqda, shu bilan naqd pullarni olish yana bir bosh og‘rig‘iga aylanib ulgurgan.

Shunga qaramay, Shvetsiya bu borada rasmiy davlat siyosati «Vi hanterar EJ kontanter» — «Biz naqd pullarni qabul qilmaymiz» dasturini davom ettirmoqda.

Gap shundaki, ushbu asr boshlarida mamlakatda banklarga bosqinchilik qilish, ko‘chalardan odamlarni tunash jinoyatlari juda ko‘p sodi etilar edi. Ayni shu salbiy holat hukumatni keskin choralar ko‘rishga va naqdsiz jamiyat barpo etishga undadi.

Pastdan yuqoriga harakat

Agar siz butun insoniyatning cashless society (naqd pul jamiyat) barpo etish uchun shaxdam qadamlar tashlayotgani xususida eshitib qolsangiz, Hindiston, Xitoy va uchinchi dunyo mamlakatlarida naqdsiz hisob-kitob tizimini joriy qilish haqida gap borayotganini anglashingiz kerak bo‘ladi. Axir bu mamlakatlardagi aholi soni yirik g‘arb davlatlari bilan qiyoslab bo‘lmaydigan darajada ko‘pdir.

Misol uchun, Hindiston Shvetsiyadagi muammolarga, boshqa hajmda boshqa o‘lchovda duch kelmoqda. Bu mamlakatdagi naqdsiz hisob mohiyati Amerika va Yevropadagidan tubdan farq qiladi. Bu yerda juda kamchilik bank hisob raqamlariga ega bo‘lsa, undan ham kamroq odamlarda kartochkalar bor.

Biroq Hindiston mobil to‘lovlar va tezkor pul o‘tkazmalari gullab-yashnayotgan mamlakat, desak adashmaymiz.

Shu bilan birga, garchi naqdsiz pul o‘tkazmalari jamiyat hayotiga bu qadar kirib kelmaganiga qaramay, ularning haqiqiy hajmi unchalik ham katta emas. Abonentlar kichik mablag‘larni o‘tkazadi, ko‘cha-ko‘ydagi xaridlarni to‘laydi va velorikshalar xizmatiga haq to‘lashda foydalanadi. Yirik summalarning barchasi naqd pulda amalga oshiriladi.

Yevropada bo‘lgani kabi, bu yerda ham mobil va internet infratuzilmasi u qadar rivojlanmagan hududlarda naqdsiz to‘lovlar bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilmasa ham bo‘ladi. Hindistonning bosh muammosi shundan iboratki, mamlakatning aksar mintaqalarida mobil aloqa 2G tezligidan oshmaydi. Bundan tashqari, keksa kishilar Yevropada bo‘lgani kabi, mobil to‘lovlardan foydalanishni xayoliga ham keltirishmaydi.

Ammo bank kartochalarini qabul qiluvchi POS-terminallarning arzonlashuvi naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tishni tezlashtirmoqda. Ta'kidlash joizki, mobil to‘lovlar keng tarqalgan mamlakatlarda cashless-jamiyatga o‘tish davlat tomonidan emas, balki jamiyatning quyi qatlami tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘ladi.

Cash only – Davlatga ishonchsizlik namunasimi?

Ha, faqat naqd pullar. AQShda, garchi naqdsiz to‘lov 50 foizlik ko‘rsatkichdan oshib ketgan bo‘lsa-da, cash-only (faqat naqd to‘lov) do‘konlar tarmog‘i ham yetarlicha topiladi. Bu do‘konlarning mijozlari esa, davlatga umuman ishonmaydigan yoki shaxsiy hayot huquqini qadrlaydigan kishilardir.

Shu bilan birga, AQShda do‘konlarni naqd to‘lash imkonini taqdim etishga majburlaydigan qonun mavjud emas.

AQShning cash-only harakatida turli diniy guruhlarning kartochkalarni joriy qilishga keskin qarshi chiqishlari ham sezilarli o‘rin tutadi. Naqdsiz to‘lov katta sur'atda o‘sayotgan qo‘shni Kanadada mahalliy to‘lovlar uchun muqobil valyutalar paydo bo‘lmoqda. Ularni mamlakat hukumati nazorat qilganicha yo‘q.

Kanadadagi kabi muqobil pullar, xususan, YeIning rivojlanishda «oqsayotgan» mamlakatlarida ham uchraydi. Ularning eng keng tarqalgan joyi Gretsiyadir. Rasmiy Bryussel yirik summalarni kartochkalardan naqdlashtirib olishni cheklash bilan yevroning mamlakatdagi naqd aylanmasiga limitlarni joriy qilganidan bir necha yil o‘tgach, mamlakatning turli mintaqalarida 80 dan ortiq mahalliy valyuta paydo bo‘ldi. Ular yevroni siqib chiqargani yo‘q, ammo u bilan birga mahalliy aholi orasida muomalada yuribdi.

Afrika tajribasi: bank tizimining umuman yo‘qligi

Bu qit'ada cashless-siyosatni joriy qilishda Keniyaning naqdsiz to‘lov tajribasini alohida qayd qilish mumkin. Bu yerda mobil pul o‘tkazmalari shunchalik rivojlanmoqdaki, ular naqd hisob-kitobning o‘rnini egallay boshladi. Uncha katta bo‘lmagan sharqiy Afrika mamlakati qo‘shnilarini mobil texnologiyalari bo‘yicha iqtisodiy reytingida ancha orqada qoldirmoqda. Axir 46 mln aholining 38 millioni mobil aloqadan foydalanadi.

Bu yerda mobil to‘lovlar bo‘yicha m-Pesa (suaxili tilida «mobil pullar») loyihasi allaqachon yetakchilikni qo‘lga kiritgan va bozorning 90 foizini egallab ulgurgan.

Xo‘sh, cashless society jamiyatini barpo qilish bilan bog‘liq vaziyat ikkinchi dunyo mamlakatlarida qay ahvolda? Kimdir, masalan, Xitoy bu borada o‘zining China Union Pay milliy to‘lov tizimini joriy qilishga ulgurgan, deydi. Boshqalari, jumladan, Venesuela hamon mamlakatda bankomatlar keng tarqalgani bilan faxrlanishda davom etmoqda. Aslida, bu pul aylanmasining avvalgi ahvolidagi tegishli holdir. Rossiyada esa, bankomat xizmatidan asosan naqd pullarni olishda foydalaniladi. Bu yerda 96 bankomat amaliyotida aynan kartochkadan naqd pul yechib olinadi. Shu bilan bir vaqtda, aynan Rossiyaning «Tinkoff-bank»i uning internet-banking tizimi dunyodagi eng yirigi ekani bilan faxrlanadi.

Messenjerlar va turli ijtimoiy tarmoqlar orqali pul o‘tkazish imkoniyatining paydo bo‘lishi Rossiya ham cashless society tomon ishonch bilan ildam qadam tashlayotganini ko‘rsatadi. Davlat ham maoshlarni berishda plastik kartochkalarni kengroq joriy qilish ustida ish olib borayapti. Ikkinchi dunyo mamlakatlari uchun asosiy muammo – nazorat va shaxsiy maxfiylikni himoya qilish bilan bog‘liq muammolardir.

O‘zbekistonda naqdsiz hisob-kitob qay darajada?

O‘zbekistonda naqd va naqdsiz to‘lov turlari o‘rtasidagi farq borasida aytish mumkinki, garchi banklar tomonidan to‘lov kartochkalari keng targ‘ib qilinayotgan, hukumat bu boradagi sa'y-harakatlarni faol qo‘llab-quvvatlayotganiga qaramay hamda naqd pul emissiyasi jiddiy nazorat qilinayotgan bo‘lsa-da, plastik kartochka aksariyat aholi orasida naqd pulning o‘rnini bosa olgani yo‘q. Bunga, eng avvalo, mahsulot qiymatining plastik karta va naqd ko‘rinishdagi to‘lov uchun keskin farq qilishi sababdir.

Bundan tashqari, viloyatlarda to‘lov terminallarining keng tarqalmagani, borlarining ham aloqaning sifatsizligi sabab foydalanishda noqulayliklarga olib kelishi kartochkalar ommalashuviga to‘siq bo‘layapti. Respublikadagi deyarli barcha bankomatlardan (banklardagi bankomatlarda ham shu ahvol ekanini hech kim rad etolmaydi) kartochkadagi pulingizni naqdlashtirib olishning umuman imkonsizligi plastik kartochkalarga nisbatan ishonchsizlik oshishiga asos bo‘lmoqda. Bundan foydalangan ayrim “olg‘irlar” 20-25 foizlik ustama evaziga virtual pulingizni moddiy mablag‘ga aylantirib berishadi.

Aholi orasida yirik jamg‘armalarini ham naqd milliy yoki xorijiy qattiq valyutada saqlash keng avj olgan. Ular pullarini saqlashda banklarga deyarli ishonishmaydi.

Shunga qaramay, respublikada mobil to‘lov tizimlari ham keng rivojlanmoqda. Bu borada yetarlicha tanlov iste'molchilarga taqdim etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: