«Jizzax» EIZda qiymati 213,3 million dollar bo‘lgan 25 loyiha amalga oshiriladi

Iqtisodiyot 11:46 / 18.01.2017 9763

2016 yilda «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 255,2 milliard so‘mni, eksport hajmi esa 11,9 million dollarni tashkil etdi. 

«Jizzax» EIZ O‘zbekiston Birinchi Prezidentining 2013 yil 18 martdagi «Jizzax» maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida»gi farmoni asosida tashkil etilgan. Ushbu maxsus hududda o‘tgan qisqa muddatda 19 zamonaviy korxona ishga tushirildi. 

Iqtisodiy zonaning Jizzax shahridagi hududida 363,7 gektar maydonda 14, Sirdaryo viloyatidagi filialining 150 gektar maydonida 5 loyihani amalga oshirish uchun 91,3 million dollar miqdorida investitsiya sarflandi. Zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan korxonalarda mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Doimiy ish o‘rniga ega bo‘lganlarning 60 foizi kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislar hisoblanadi.

Hozirgi kunda hududda avtomobillar va yuk mashinalari uchun tormoz kolodkalari, televizor, konditsioner, muzlatkich, kir yuvish mashinasi, mikroto‘lqinli pech, svetodiodli lampalar, polipropilen iplar, video va IP telefonlar, telekommunikatsiya uskunalari, internet tezligini oshiruvchi butlovchi qismlar kabi turli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulotlarning aksariyati nafaqat Jizzax va Sirdaryo viloyatlari, balki mamlakatdagi boshqa bozorlar uchun ham yangilikdir. 

O‘zA xabariga ko‘ra, xitoylik investorlar ushbu EIZga qiziqish bildirgan. O‘tgan yilning dekabrida o‘tkazilgan biznes-forum doirasida xitoylik va jizzaxlik ishbilarmonlar 10 loyiha bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishib, memorandumlar imzoladi. 

Ayni paytda erkin iqtisodiy zona ma'muriy kengashi xorijiy va mahalliy investorlar bilan dastlabki qiymati 213,3 million dollar bo‘lgan 25 loyihani amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Jumladan, joriy yilning ikkinchi choragida yiliga 24 million kvadrat metr oyna ishlab chiqarish quvvatiga ega Mingyuan Si Lu Industry xorijiy korxonasining birinchi navbati ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Xitoylik sarmoyadorlarning 109,7 million dollarlik investitsiyasi hisobidan barpo etilayotgan ushbu yangi korxona to‘liq ishga tushirilishi bilan 391 yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: