«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi 2016 yil 21 dekabr kunidan O‘zbekiston provayderlari uchun internet-xizmatlariga tariflar 1 Mbit/s uchun (tashqi kanalda) 91,50 ga tushirilganini ma'lum qiladi. Bu haqda kompaniya saytida ma'lum qilingan.
Ta'kidlanishicha, 2016 yilda tariflar o‘n ikki marta tushirilgan. Xususan, tariflar 1 Mbit/s uchun 13 yanvardan 156,24 dollargacha, 17 fevraldan 136,34, 1 martdan boshlab 133,62, 2 martdan 115,26 dollarga, 27 apreldan 112,91, 25 iyuldan 111,21 dollargacha, 19 avgustdan 108,31gacha, 22 avgustdan 107,03, 19 sentabrdan 105,77, 28 oktabrdan 103,03 gacha va 21 dekabrdan 1 Mbit/s uchun 91,50 dollargacha tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda bu boradagi narxlar o‘n yetti marta tushirilgan edi. Ya'ni, 2015 yil yanvar oyida 1 Mbit/s uchun 259,29 dollardan, dekabr oyida 157,60 dollargacha tushirilgandi.
«O‘zbektelekom» - AK butun O‘zbekiston Respublikasi hududini o‘z tarmoqlari bilan qamrab olgan yirik telekommunikatsiyalar operatoridir. Kompaniya quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi: qayd etilgan va mobil aloqa operatorlari hamda provayderlariga kanallarni ijaraga berish bo‘yicha xizmatlarni, xalqaro va shaharlararo aloqa xizmatlari, ovozli aloqa va ma'lumotlar uzatish xizmatining barcha turlarini, Internet tarmog‘idan foydalanish, videokonferensaloqa xizmatlarini, CDMA va GSM standartida mobil aloqa xizmatlarini taqdim etadi, televizion va radioeshittirish dasturlarini uzatish uchun kanallar tashkil etadi.
Kompaniyaning bozordagi xizmatlari to‘rtta —UZTELECOMsb, UZMOBILEsb, UZONLINEsb va TELECOM TVsb savdo belgilari ostida ko‘rsatiladi. Kompaniya tarkibida 22ta filial faoliyat yuritadi, ulardan 14 tasi mintaqaviy, 8 ta ixtisoslashtirilgan va 3 tasi sho‘'ba korxonasidir. Kompaniya xodimlarining soni 2014 yil oxiriga kelib, 14 ming nafarni tashkil etgan. «O‘zbektelekom» AK Mobil va qayd etilgan, shaharlararo va xalqaro aloqa, ma'lumotlar uzatish va Internet xizmatlari ko‘rsatuvchi sakkizta qo‘shma korxonalarda o‘z ulushiga ega.