Telegram ishlab chiqaruvchilari Yangi yil bayramida ham tinib-tinchimagan ko‘rinadi. Ular xato ketgan xabarlarni o‘chirish imkonini beruvchi yangi funksiyani ishga tushirishdi.
Hammamiz hech bo‘lmaganda bir marta yozgan xabarimizni adashib birovga yuborgan paytlarimiz bo‘lgan. Ba'zan esa o‘ta keskin gaplarni yozib yuboramiz-da, Send (Yuborish) tugmasini bosgandan keyin bundan afsuslana boshlaymiz.
Telegram messenjerining yangi versiyasida ana shunday xatolarni to‘g‘irlash imkoni paydo bo‘ldi. Endi 48 soat ichida yuborilgan har qanday xabarni shunchaki o‘chirib tashlash mumkin, shunda yuborgan odamingiz uni o‘qiy olmaydi (agar undan avval o‘qishga ulgurmagan bo‘lsa, albatta).
Dastur sozlamalarini oching, shundan so‘ng Data and Storage bo‘limiga o‘ting. Bu yerda ikki yangi punktga ko‘zingiz tushadi - qabul qilingan va yuborilgan ma'lumotlar statistikasini ko‘rishga imkon beruvchi Mobile Data Usage va Wi-Fi Data Usage.
Yana bir yangilik Telegram'dagi manzilingizni qisqartirish imkonini beradi. Bundan avval ushbu maqsadda telegram.me prefiksidan foydalanilar edi, endi esa u t.me'ga qisqardi, ya'ni o‘z kanalingizga havola bermoqchi bo‘lsangiz, t.me/username deb yozishning o‘zi kifoya.
Mazkur global yangiliklardan tashqari, faqat Android mijozlarga mo‘ljallangan yana bir necha yangiliklar mavjud. Statistikaga ko‘ra, Telegram foydalanuvchilarining 85 foizdan ortig‘i aynan shu operatsion tizimni qo‘llashadi, shuning uchun unga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Android foydalanuvchilari yangi Gboard klaviaturasi bilan yaxshilangan integratsiya, Android 7.1'da dastur yorlig‘ini keng qo‘llab-quvvatlash funksiyasi va yangi emotikonlarga ega bo‘lishlari mumkin.