4 yanvar kuni Amerikaning Faraday Future kompaniyasi o‘zining yangi elektrokarini taqdim etdi - haydovchisiz funksiyali FF91 avtosi. Biroq taqdimot vaqtida mashina noma'lum sabablarga ko‘ra, buyruqlarni bajarmadi. Bu haqida The Verge xabar berdi.
Avtomobil Las-Vegasdagi ko‘rgazma zali sahnasida tadbir boshlanganidan taxminan bir soat o‘tib paydo bo‘ldi. Unda Faraday Future'ning asosiy sarmoyachilaridan biri bo‘lgan LeEco smartfonlari ishlab chiqaruvchisining direktorlar kengashi raisi Tszya Yuetin kirib keldi.
Yuetin mashinadan chiqqanida Faraday Future'ning ishlab chiqarish bo‘yicha vitse-prezidenti Nik Stempson unga avtomobilni avtonom joylashtirish funksiyasidan foydalanishni taklif qildi. Sarmoyachi mashina eshigidagi tugmani bosdi, lekin transport vositasi buyruqni bajarmadi.
Bir necha soniya jimlikdan keyin Stempson "Aftidan, u bugun biroz erinchoqlik qilyapti", - dedi. Keyinroq, Yuetinning nutqidan keyin Stempson mashinaning haydovchisiz funksiyalarini yana bir bor faollashtirishga harakat qildi, biroq FF91 ishlab chiqaruvchilarni uyaltirib qo‘ydi.
Manbada ta'kidlanishicha, taqdimotdan keyin Stempson muammo zalning tomida bo‘lganligini aytgan. Uning murakkab tuzilmasi mashinaning haydovchisiz funksiyalari ishlashi uchun zarur signalni yetkazib bera olmagan.
Faraday Future — Amerikaning 2014 yilda paydo bo‘lgan startapi.