Galaxy A3, A5 va A7 — ko‘rinishi premium S seriyasiga yaqinlashtirilgan qurilmalar, biroq ularning narxi nisbatan arzon, texnik xususiyatlari ham shunga muvofiq biroz zaifroq. "Layfxaker" shu haqida ma'lum qildi.
Har bir yangi smartfon metall ramka, oval shakldagi barmoq izlarini taniy oluvchi tugmaga ega. Bundan tashqari, ularning orqa qopqog‘i shishadan ishlangan, bu Galaxy S7 flagmanini yodga soladi.
Galaxy A7 an'anaga ko‘ra, 5.7 dyuymli katta Super AMOLED ekrani bilan ta'minlangan. A5 ekran diagonali - 5,2 dyuym, A3 ekran esa - 4,7 dyuym. To‘ng‘ich A7 va A5 qurilmalari 1,9 GGts chastotali protsessorga va 3 Gb operativ xotiraga ega.
Smartfonlarning fotoimkoniyatlari sezilarli darajada yaxshilangan. A5 va A7 16 Mp'li sensorga ega old va orqa kamera bilan ta'minlangan, A3 — 8 Mp old kamera va 13 Mp orqa sensor. Shuningdek qurilmalar IP68 standarti bo‘yicha chang va namlikdan muhofaza qilingan. U tobora ommalashib borayotgan USB Type-C portiga ega. (A5 va A7 Samsung Fast Charge tezkor zaryadka texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi). Uch qurilma Android 6.0.16 Marshmallow bilan taqdim etiladi.
Eng qizig‘i, yangilangan smartfonlar seriyasi dastlab Rossiyada sotuvga chiqariladi, keyin esa - qolgan Yevropa mamlakatlarida.