Shvetsiyaning Tefficient operatori statistikasiga ko‘ra, Finlyandiya smartfonlar eng ko‘p ishlatiluvchi davlat ekan. Bu haqda Phys.org xabar bermoqda.
2016 yil 1-yarmida finlar Tefficient tomonidan tuzilgan, Yevropa va Osiyoning 32 davlatidan iborat reytingda 2-o‘rinni egallagan Janubiy koreyaliklardan 2 marta ko‘proq mobil telefondan foydalanganlar. Bu vaziyatdan xavotirlangan Xelsinki sog‘liqni saqlash departamenti kichkina bolalar ota-onalarini ustuvor yo‘nalishlarini o‘zgartirishga chaqiruvchi kampaniyani boshladi. Ko‘plab ota-onalarning jahlini chiqargan videorolikda qora qarg‘a qizchaning onasi smartfonga tikilib o‘tirgan paytda, qizchani plyajdan olib ketadi. Undagi shior quyidagicha yangraydi: "Mas'uliyatsizlik – zamonaviy zo‘ravonlik". Bu bilan mualliflar ba'zi onalar farzandi bilan o‘ynash o‘rniga smartfon bilan haddan ko‘p vaqt o‘tkazishlarini, otalar esa umuman farzandlarining hayotida ishtirok etmasliklarini ta'kidlamoqchi bo‘lganlar.
Finlyandiyadagi eng yirik operator Elisa’ning vakili fikricha, finlyandiyalik ota-onalar o‘z o‘smir farzandlari izidan borib, ularning smartfonda ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni varaqlash yoki videoni ko‘rish odatlarini o‘zlashtirmoqdalar. Finlyandiyada 5,5 mln aholi bo‘lgan bir paytda mobil operatorlar tarif rejalariga ulanganlar soni 10,9 mlnni, ya'ni bir kishiga 2 tani tashkil qilmoqda.