Apple bu hafta Yevrokomissiyaning korporatsiyadan to‘lanmagan soliqlar uchun milliardlab yevro mablag‘ni undirib olish to‘g‘risidagi qaroriga qarshi apellyatsiya kiritadi. Bu haqda Reuters agentligi bilan suhbatda Apple bosh yuristi Bryus Siuell ma'lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, korporatsiya faqatgina savdo markasi sabab uni ayblashganini isbotlamoqchi. "Apple yaxshi nishondir. Sababi kompaniya nomi ko‘plab OAVda tilga olinadi. Bu holat yevrokomissarga (raqobat bo‘yicha yevrokomissar Margrete Vestagero - Daniyadan) 2016 yilning eng mashhur daniyalik kishisi sifatida tanilish imkonini beradi", - deya aniqlik kiritib o‘tdi yurist.
Uning ta'kidlashicha, Yevrokomissiya Apple tomonining isbotlari bilan hattoki tanishib ham chiqmagan.
Avvalroq, raqobat bo‘yicha yevrokomissar AQSh moliya vazirligi bilan bu borada "o‘zaro tushunmovchilik yuzaga kelganini" ma'lum qilgandi. Vestagerning so‘zlariga ko‘ra, YeK qarori subsidiya berish qoidalariga asoslanadi. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining alohida mamlakatlariga soliq bitimlarini taqiqlanadi.
Ma'lumot uchun, Yevrokomissiya avgust oyi oxirida Irlandiya hukumati tomonidan Apple’ga taqdim etilgan davlat yordami va soliq imtiyozlarini noqonuniy deb tan olgandi hamda kompaniyani respublikaga 13 milliard yevroga qadar mablag‘ni to‘lab berishga majbur qilib qo‘ydi. Apple vakillari esa apellyatsiya kiritishlari haqida ma'lum qilishgan. Avvalroq, AQSh Moliya vazirligi YeK qarori Yevropa Ittifoqiga xorijiy investitsiyalarni jalb etishda salbiy ta'sir ko‘rsatishini ko‘rsatib o‘tdi.
Apple 1976 yilda tashkil etilgan bo‘lib, iPhone smartfonlari, iPad planshet kompyuterlari, iPod musiqa pleyeyrlari va noutbuklar ishlab chiqaradi. Korporatsiyaning bozordagi qiymati 530 milliard dollardan ortiq.