Zelenskiy NATOga a’zo bo‘lish evaziga RF bilan urushni muzlatishga tayyor

Jahon 08:53 / 30.11.2024 12690

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 29 noyabr, juma kuni e’lon qilingan Sky News telekanaliga bergan intervyusida, agar u nazorat qilayotgan mamlakat hududi «NATO soyaboni» ostiga olinsa, Kiyev Rossiya bilan urushning «qaynoq fazasi»ni to‘xtatishga rozi bo‘lishini aytib o‘tdi. U OAV xabarlariga shunday izoh berdi, unga ko‘ra, Donald Trampning urushni tugatish rejalaridan biri Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi evaziga Ukraina hududlarining bir qismini Rossiya nazorati ostida qoldirish haqidagi kelishuv bo‘lishi mumkin.

«Agar biz urushning qaynoq bosqichini to‘xtatmoqchi bo‘lsak, NATO soyaboni ostidagi Ukraina hududiga ega bo‘lishimiz kerak va keyin Ukraina ishg‘ol qilingan hududlarni diplomatik yo‘llar bilan qaytarib olishi mumkin», — dedi Volodimir Zelenskiy.

Alyansga a’zolik Rossiya prezidenti Vladimir Putinning boshqa hududlarni bosib olish uchun «qaytib kelmasligini» ta’minlaydi. Agar siz NATOning xavfsizlik kafolatisiz urushni shunchaki to‘xtatsangiz, u tez orada yana qayta boshlanadi, deb hisoblaydi Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, yo‘qolgan hududlardan voz kechish haqida gap ketmayapti. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun Shimoliy Atlantika alyansi Ukrainani Qrimni o‘z ichiga olgan xalqaro tan olingan chegaralari doirasida taklif qilishi kerak. Keyin, uning so‘zlariga ko‘ra, bosib olingan hududlar «diplomatik» tarzda qaytarilishi mumkin. Zelenskiy avvalroq Ukraina hech qanday maqom evaziga o‘z hududlaridan hech qachon voz kechmasligini aytgan edi.

Shimoliy Atlantika alyansiga taklif Zelenskiyning oktyabr oyida ommaga taqdim etilgan «g‘alaba rejasi» birinchi bandidir.

Bayden hozircha Ukrainani NATOga taklif etishga chaqirmaslikka qaror qildi

Oq uy Ukrainani NATOga a’zo bo‘lish uchun rasmiy taklif qilishga oshkor chaqiriq bilan chiqmoqchi edi, ammo bunday qilmaslikka qaror qildi. Bu haqda Bloomberg 23 noyabr kuni yozgan. Unga ko‘ra, amaldagi prezident Jo Bayden ma’muriyati «qisqa muddatda muvaffaqiyat qozonish ehtimoli pastligini hisobga olib,» bunday ramziy chaqiriq g‘oyasidan voz kechgan. Buning o‘rniga, deb yozadi Bloomberg, Ukrainaga shunday kafolatlar beradigan ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvlarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Agentlik qayd etishicha, «Bayden Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga Donald Trampning 2025 yil 20 yanvarga rejalashtirilgan inauguratsiyasi oldidan imkon qadar kuchli yordam ko‘rsatishga harakat qilmoqda». Oq uy tomonidan qabul qilingan eng muhim qarorlardan biri Ukrainaga Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga uzoq masofali G‘arb qurollari bilan zarba yo‘llash uchun berilgan ruxsatdir. Bundan tashqari, Braziliyada o‘tkazilgan G20 sammitida Bayden Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: