Qozog‘istonda ijtimoiy tarmoqlarga kirish yana tiklandi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz nashri.
Avvalroq Qozog‘istonda ba'zi internet-servislarga kirib bo‘lmayotgani ma'lum qilingandi. Ta'kidlanishicha, qozog‘istonliklar aloqa tiklangandan keyin Instagram, Facebook ijtimoiy tarmoqlariga kira olmoqdalar. Biroq ularga simli internet orqali kirishda muammolar kuzatilmoqda. Mobil internet orqali esa bu ijtimoiy tarmoqlarga kirish mumkin bo‘lmoqda.
Qozog‘istonda, shuningdek, elektron hukumat Egov.kz va "Kazaktelekom" AJ saytlariga ham kirishning iloji bo‘lmayapti.
Qozog‘istonliklar 16 dekabr kechki payt internetga kirishda muammolarga duch kelganlar. Ko‘plab foydalanuvchilar ba'zi ijtimoiy tarmoqlarga kirishda muammolarga duch kelganlarini ma'lum qilishgan. Dastlab Facebook, Vk.com, Telegram, You Tube, Twitter, Instagram, Google saytlari ishlamagan, biroq ba'zi mobil operatorlar foydalanuvchilari bu servislardan ba'zilariga kira olishayotganini ma'lum qilishgan.
Keyinroq Google, Twitter, Vk, Telegram’ga kirish mumkin bo‘lgan, biroq Instagram, Facebook’ga kirib bo‘lmagan. Qozog‘iston hududida bo‘lmagan serverlarga ham kirib bo‘lmagan. Qozog‘iston axborot va kommunikatsiya vazirligi matbuot xizmatida yaqin orada muammolar bartaraf etilib, barcha servislar ishi tiklanishi ma'lum qilingan. Texnik nosozliklar bunga sabab sifatida keltirilgan.