Kia Niro krossoveri dunyodagi eng tejamkor gibrid avtomobil deb tan olindi. U AQShning Nyu-York shahridan Los-Anjyeles shahrigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tgan. Ushbu natija Ginness rekordlar kitobidan joy oldi, deb xabar qilmoqda Motor.ru sayti.
Yo‘ltanlamas AQShning sharqiy sohilidan g‘arbiy sohiligacha bo‘lgan salkam 6 ming km masofani atigi 183,6 litr sarflab ortda qoldirgan. Shunday qilib, Kia Niro gibridi ushbu safar uchun har 100 kmga o‘rtacha 3,07 litr yoqilg‘i sarflagan.
Kia kompaniyasi vakillarining qayd etishicha, ushbu sayohatda hech qanday modernizatsiya qilinmagan standart krossoverdan foydalanilgan.
Kia kompaniyasining gibrid motorli ilk krossoveri 2016 yil fevralida Chikago avtosalonida debyut qilgan edi. Unga 105 ot kuchiga ega atmosferali motor va 43 ot kuchiga ega elektr agregat o‘rnatilgan. Mashinani ikki siquvchili olti bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi harakatga keltiradi.