Uber taksi xizmati Volvo muqobil avtomobillarining Kaliforniya shtati San-Frantsisko shahridagi sinoviga start berdi, deb xabar qilmoqda The Verge.
14 dekabrdan tizim tasodifiy tanlov vositasida UberX foydalanuvchilarini tanlaydi va ularga Volvo XC90 haydovchisiz avtomobilini tavsiya qiladi. Xavfsizlik talabidan kelib chiqqan holda, mashinada Uber kompaniyasining ikki xodimi bo‘ladi. Ular old o‘rindiqlarga joylashadi.
Xabarlarga ko‘ra, 13 dekabr kungi sinovlar chog‘ida bir nechta kutilmagan holatlar ro‘y bergan: masalan, restoranga chaqirilgan avtomobil yo‘l chetida emas, balki shundoq o‘rtasida to‘xtagan; boshqa bir vaziyatda avtomobil yon yo‘lak bo‘sh bo‘lganiga qaramay, tirband qatorda turib olgan, shundan so‘ng, haydovchi mustaqil ravishda mashinani boshqa yo‘lakka yo‘naltirgan.
Garchsi, kompaniya rahbariyati avtomobillarning barcha federal va davlat qonunlariga mos kelishini ta'kidlasa-da, Uber Kaliforniya shtati transport vositalari departamentidan muqobil avtomobillar sinovini o‘tkazish uchun ruxsat ololmagan.
Departament muqobil avtomobil ishlab chiqaruvchilaridan shtat hududida o‘tkaziladigan sinovlar haqida ma'lum qilishni talab qilmoqda. Kompaniyalar barcha avtohalokatlar yoki haydovchilarning boshqaruvni o‘z qo‘liga olishiga to‘g‘ri kelgan barcha holatlar haqidagi hisobotni topshirishlari lozim bo‘ladi.
“Yigirmata ishlab chiqaruvchi Kaliforniya ko‘chalarida avtomobillarni sinovdan o‘tkazish uchun ruxsat oldi. Uber ham shunday qilishi kerak”, - degan Kaliforniya transport vositalari departamenti vakili.
Avgust oyida Uber kompaniyasi Volvo bilan shartnoma imzolab, XC90 rusumli yuzta avtomobil xarid qilgan va ularni muqobil boshqaruv uskunalari bilan jihozlagan edi.
Uber ilk marotaba muqobil avtomobillari sinovini 2016 yil sentabrida Pittsburg shahrida boshlagan edi.