Play Impossible loyihasi bolalarning ko‘cha o‘yinlariga mo‘ljallangan "aqlli" to‘plar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bu haqida vc.ru saytida ma'lum qilindi.
Play Impossible akselerometr, mikrokontroller va boshqa datchiklar o‘rnatilgan to‘plarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bular mobil ilova orqali to‘pning o‘yindagi holatini nazorat qilish, to‘p harakatining o‘rtacha tezligini o‘lchash va o‘yinning boshqa ko‘rsatkichlarini kuzatishga imkon beradi.
Shuningdek mazkur to‘p videokamera bilan ta'minlangan bo‘lib, u o‘yin davomidagi eng yorqin lahzalarni muhrlaydi.
Play Impossible Adidas, Nike va boshqalarni o‘zining eng asosiy raqiblari deb biladi. Play Impossible to‘pi ko‘cha o‘yinlari va bolalar auditoriyasiga mo‘ljallanganligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, u o‘yinning eng qiziqarli onlarini do‘stlar bilan bo‘lishishga imkon yaratadi. Ishlab chiqaruvchilarning fikricha, bu yosh avlodni ilhomlantirishi kerak.
To‘p narxi chakana savdoda 99 dollarni tashkil qiladi.