Tesla konserni o‘z elektromobillarida dvigatellar quvvati va akkumulyator batareyalar avtonom ishlashi vaqtini ko‘paytirishga urinayotgan bir paytda, Shvetsiyaning uncha nomdor bo‘lmagan Uniti Sweden kompaniyasi boshqa yo‘l bilan borib, "100 km/soat tezlikka 4 soniyada erisha olmasada", biroq shahar sharoitlari uchun ideal mos keluvchi va boz ustiga ancha vaqt qayta quvvatlashsiz ishlashga qodir ixcham elektromobilni taqdim qildi.
Mashinani yaratish loyihasi FundedByMe mablag‘ yig‘ish xizmati orqali moliyalashtirilgan bo‘lib, kerakli mablag‘ ancha tez yig‘ilgan. Uniti ikki o‘rindiqli elektrokar bo‘lib, bir quvvatlanishda 150 km yo‘l bosa oladi. Mashina dvigateli quvvati 15 kilovattni tashkil qiladi, to‘liq quvvatsizlangan batareyani quvvatlash esa 30-40 daqiqadan kamroq vaqtni oladi. Mashina vazni 400 kg bo‘lib, uning ichidagi asboblar paneli Head-Up-displey ko‘rinishida ishlangan bo‘lib, unga barcha zaruriy ma'lumot chiqariladi. Bundan tashqari, kelajakda avtomobil haydovchisiz boshqaruv tizimi bilan ham jihozlanishi mumkin.
Ayni vaqtda loyiha jamoasi 1,3 mln dollar yig‘a oldi va bu barcha muhandislik va texnik g‘oyalarni amalga oshirish uchun to‘liq yetadi. Mashina yaratuvchilarining aytishicha, Uniti’ning ilk tajriba namunalari 2017 yilda paydo bo‘ladi, 2018-2019 yillarda esa avtomobil ilk mijozlarga yetkazib berila boshlanadi. Kichik o‘lchamdagi elektrokarning birinchi partiyasi yetkaziladigan birlamchi hudud sifatida G‘arbiy Yevropa tanlandi.