Microsoft o‘zining Cortana ovozli yordamchilarini internetga ulanuvchi maishiy qurilmalarga o‘rnatmoqchi. Bu haqida kompaniya taqdimotiga asoslanib, The Verge nashri ma'lum qildi.
Kompaniyaning Planning & Product Management bo‘limi direktori Karla Forester yordamchini har qanday ekranli qurilmaga o‘rnatish mumkinligini ta'kidladi. Biroq maishiy qurilmalarda yordamchidan qanday maqsadlarda foydalanish mumkinligiga izoh bermadi.
Xitoydagi WinHEC konferensiyasida namoyish qilingan taqdimotda Cortana muzlatgich, toster va termostatga o‘rnatilgan. Microsoft 2017 yilning martidan, Windows 10 Creators Update yangilanishi bilan bir vaqtda ilk Cortana'li qurilmalarini taqdim etishni rejalashtirmoqda.
The Verge nashri Microsoft "aqlli" maishiy texnikani o‘zi ishlab chiqarmasligi, buning o‘rniga yordamchi qurilmasini boshqa ishlab chiqaruvchilarga taklif qilishini taxmin qilmoqda.