Rossiya Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Vladimir Lukin Rossiya paralimpiya terma jamoasining Rio-de-Janeyrodagi o‘yinlardan chetlatilishi haqidagi axborotni "jurnalistlar taxmini" deb atadi. U bu haqda 6 avgustda "Govorit Moskva" radiostansiya efirida ma'lum qildi.
Avvalroq Guardian nashri o‘z ma'lumotlariga tayanib, Rossiya paralimpiyachilar terma jamoasining o‘yinlardan chetlatilishini ma'lum qilgandi.
Lukinning aytishicha, Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Rossiya paralimpiya qo‘mitasi bilan bu masalani qo‘rib chiqqan. "Suhbatimiz yakunlangandan keyin 7 avgustda Moskva vaqti bilan soat 6 gacha Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi o‘z qarorini ifodalashiga qaror qilindi. Hozircha esa muhokama qilishga hech narsa yo‘q", deb aytdi Lukin.
22 iyulda Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Rossiya Paralimpiya qo‘mitasini WADA’dan olingan ma'lumotlar asosida diskvalifikatsiya qilish ehtimolini ko‘rib chiqish bo‘yicha ish ochgandi. WADA rahbari Richard Maklaren boshchiligidagi mustaqil komissiya hisobotida doping firibgarliklariga aloqador bo‘lgan 35 nafar rossiyalik paralimpiyachi nomi tilga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Rio-de-Janeyrodagi Paralimpiya o‘yinlari 7-18 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.