XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari ochilish marosimi: dunyo tashvishlarini unutishga undagan manzara

Sport 14:30 / 06.08.2016 18696

Rio-de-Janeyroda XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari ochildi. Braziliya prezidenti vazifasini vaqtincha bajarib turgan Mishel Temer XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarini ochiq, deb e'lon qildi. Shu tariqa Janubiy Amerikada birinchi olimpiada o‘yinlari boshlandi.

Rio-de-Janeyrodagi muhtasham “Marakana” stadionida bo‘lib o‘tgan tadbirda 207 ta mamlakat sportchilari va delegatsiya a'zolari ishtirok etdi. Minbarga tashkiliy qo‘mita rahbari Karlos Nuzman va Xalqaro Olimpiada qo‘mitasi raisi Tomas Bax ko‘tarildi. Karlos Nuzman ingliz va portugal tillarida sport bayramini tashkillashtirishda ishtirok etganlarning hammasiga minnatdorlik bildirdi. O‘z navbatida, Tomas Bax mamlakatda kuzatilayotgan qiyinchilik va murakkabliklarga qaramay Braziliya hukumati Olimpiadaga ko‘rgan tayyorgarligidan hayratga tushganini ta'kidlab o‘tdi. “Biz ishonchsizlik, inqiroz va umidsizlik dunyosida yashayapmiz. Olimpiada — esa bizning javobimizdir. Sportchilar yonma-yon turib musobaqalashmoqda. Men bir-biringizni va shu bilan birga o‘zingizni hurmat qilishingizni hamda sport ruhi saqlanib qolinishini so‘rardim”, dedi Tomas Bax.

Keniyalik Olimpiada chempioni Kipchoge Keyno Olimpiada harakatiga qo‘shgan xizmatlari uchun Tomas Bax qo‘lidan yuksak mukofotni qabul qilib oldi. Shundan so‘ng, Mishel Temer 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlarini ochiq, deb e'lon qildi. Olimpiadachilarning an'anaviy qasamyodini ikki marta Olimpiada chempioni, yaxtsmen Robert Sheydt o‘qib berdi. U barcha sportchilar nomidan Olimpiada o‘yinlarida mavjud qoidalarga rioya etgan va uni hurmat qilgan holda ishtirok etishga va'da berdi. Shuningdek, hakamlar nomidan Braziliya atletikachilari konfederatsiyasi bosh kotibi Martino Nobre dos Santos, murabbiylar nomidan esa Adriana Santos qasamyod qabul qildi.

Tantanali marosim mahalliy vaqt bilan tun yarmida bo‘lib o‘tdi. Bu vaqtda Toshketda tong otayotgan edi. Mahalliy vaqt bilan 23:00da (Toshkent vaqti bilan 07:00da) milliy sport jamoalarining paradi yakunlandi. Paradda 12 mingga yaqin sportchi ishtirok etdi. Tadbir so‘ngida Olimpiya o‘yinlarining vatani – Olimpiya shahrida quyosh nurlaridan alanga oldirilgan mash'ala stadionga olib kirildi. 2004 yil Afinada bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarining bronza medali sohibi braziliyalik marafonchi Vanderley Kordeyru 31-yozgi Olimpiada alangasini yoqdi. Aslida alanga braziliyalik futbolchi Pele tomonidan yoqilishi kutilayotgan edi. Biroq sog‘lig‘ini bahona qilgan Pele Xalqaro olimpiya qo‘mitasining prezidenti Tomas Bax va Braziliya Olimpiya qo‘mitasi rahbari Karlos Artur Nuzmanning bu boradagi iltimosini rad qildi.

“Marakana” stadioni 1950 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionati munosabati bilan qurilgan edi. O‘sha yilning 16 iyulida Braziliya va Urugvay terma jamoalari o‘rtasida final musobaqasi bo‘lib o‘tgan. O‘shanda futbol o‘yinlari tarixida eng ko‘p — 200 ming tomoshabin ishtirok etgan edi. So‘nggi 20 yil mobaynida “Marakana” uch marta ta'mirlandi. Ayni damda stadion 79 ming tomoshabinni sig‘dira oladi.

Muxbirlarning so‘zlariga qaraganda, tadbirning ochilish marosimi bugungi kunda Braziliyadagi hayot tarzini namoyish qilgan. Tadbir oddiy va kamtarona ruhda bo‘lib o‘tdi. Ammo stadionda samimiyat ruhi bor edi. Bu, o‘z navbatida, braziliyaliklarni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni bir oz bo‘lsa-da, unutishlariga sabab bo‘ldi.

Teatrlashtirilgan sahnalarda Braziliya davlatchiligining tarixi aks ettirildi. Tantanavor bezatilgan stadionda Braziliyaning o‘ziga xos tarixi, milliy an'analari va san'at ustalarining chiqishlari namoyish etildi.

Ko‘p o‘tmay “Marakana” yirik raqs maydonchasiga aylandi. Delegatsiyalarning paradi vaqtida ekranda ekologik muammolar va global iqlim o‘zgarishlari aks etgan lavhalar paydo bo‘ldi. Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimida ilk bor ijtimoiy tadbir o‘tkazildi. Bu, o‘z navbatida, atrof-muhitni himoya qilish masalasiga keng jamoatchilik e'tiborini qaratishga qaratilgani bilan ajralib turadi. 12 mingga yaqin sportchi maxsus rezervuarga Braziliya hududlarida o‘sadigan daraxtlarning urug‘ini tashlashdi. Bu urug‘lar Rio-de-Janeyrodagi  Deodoro milliy bog‘iga ekiladi. An'anaga ko‘ra, 207 ta delegatsiya sportchilari alifbo bo‘yicha stadionga kirib keldi. Shuni aytish kerak-ki, odatga ko‘ra Gretsiya vakillari eng birinchi kirsa, eng oxirida mezbonlar kiradi. Gretsiyaliklardan so‘ng Braziliya alibosi bo‘yicha stadionga AQSh (Estados Unidos da America) delegatsiyasi birinchi bo‘lib kirdi, Ulardan keyin Estoniya sportchilari kirib keldi. Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, bu galgi olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimida Xalqaro olimpiada qo‘mitasining maxsus ruxsati bilan 9 kishidan iborat qochqinlar jamoasi ham ishtirok etdi. Tomas Baxning aytishicha, qochqinlardan iborat sportchilarning ishtiroki millionlab muhojirlar uchun umid uyg‘otadi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Olimpiada ma'shalasi bilan Rio-de-Janeyroda 100 metrlik masofani bosib o‘tdi. U mash'alani Xalqaro olimpiada qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxning qo‘lidan oldi. Ma'lumki, BMT Bosh kotibi payshanba kuni Rio-de-Janeyrodagi Olimpiada shaharchasiga tashrif buyurib, Xalqaro olimpiada qo‘mitasi bayrog‘i ostida ishtirok etayotgan qochqinlar bilan uchrashgan edi. Nufuzli musobaqada Olimpiyachilar sportning o‘ttizdan ortiq turi bo‘yicha 306 medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini baland tutgan mashhur sportchimiz – boks bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Bahodir Jalolov stadionga kirib keldi. O‘zbekiston sport delegatsiyasi a'zolarini muxlislar qizg‘in olqishlar bilan kutib oldi. O‘zbekiston sportchilari akademik eshkak eshish, badiiy gimnastika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo, tennis, trampolin, o‘q otish, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkaziladigan bellashuvlarda ishtirok etadi.

Rio-de-Janeyrodagi olimpiada o‘yinlari 21 avgustga qadar davom etadi. Ayni damda Braziliya hukumati Rio-de-Janeyroda xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Xavfsizlik kuchlari xodimlari, jumladan, politsiya va armiya bo‘linmalari soni oshirildi.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: