Braziliyalik muxlislar Olimpiada ochilish marosimida Braziliya prezidenti lavozimini vaqtinchalik bajarayotgan Mishel Temerni norozi qarshilashdi. Temerning "Marakana" stadionidagi bor-yo‘g‘i 10 soniya davom etgan nutqi hushtakbozlik va norozilik hayqiriqlari bilan kutib olindi.
Braziliyaning o‘z lavozimidan chetlatilgan prezidenti Dilma Russeff o‘rnini egallagan Temer musobaqalarning ochilishini rasman e'lon qildi. So‘ngra tantanali musiqa yangrab, osmonga salyutlar uchirilgan. Biroq TASS axborot agentligi muxbirining kuzatishicha, salyutdan keyin ham hushtakbozlik to‘xtamagan. Bundan tashqari, tribunalardan "Temer yo‘qolsin!" degan hayqiriqlarni eshitish mumkin bo‘lgan.
Avvalroq an'anaga zid ravishda Temer Olimpiadani qabul qilayotgan davlat rahbari sifatida taqdim qilinmagani ma'lum qilingandi. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, bu ochilish marosimida nomaqbul holatlar iloji boricha kamroq bo‘lishini istagan Temerning o‘z iltimosi bilan qilingan.
Temer "Zero ora" gazetasiga bergan intervyusida mamlakat fuqarolari uni Olimpiada ochilish marosimida sovuq kutib olishlari mumkinligini tan olgandi. "Meni hushtakbozlik bilan kutib olishlariga tayyorman. "Marakana" stadionida hushtakbozlikni hattoki sukut saqlash daqiqasida ham eshitish mumkin. Biroq men barchasiga tayyorman va o‘z burchimni bajarishim shart", degandi Temer.
5 avgustda Kopakabana sohilbo‘yida Russeffning impichmentiga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi. Unda Temerning siyosatidan norozi bo‘lganlar uning iste'foga ketishini talab qilganlar.