Yaponiyada Xirosimaga tashlangan atom bombasi qurbonlari xotirasi yodga olindi 

Jahon 10:58 / 06.08.2016 7984

Yaponiyada Amerikaning Xirosima shahriga atom bombasi tashlaganiga 71 yil to‘lishi munosabati bilan xotira marosimlari bo‘lib o‘tdi. U, an'anaga ko‘ra, shahar markazidagi Tinchlik bog‘ida tashkil etilgan. 

Atom bombasi tashlangan mahalliy vaqt bilan soat 8:15da butun mamlakat bo‘ylab bir daqiqalik sukut saqlandi. Xirosima shahri meri Kadzumi Matsui va Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, butunlay yadrosizlanishga chaqirdi. Bu yilgi marosimlarda dunyoning 91 davlati vakillari ishtirok etdi. 

"Biz hech qachon Xirosima va Nagasaki shaharlarida 71 yil avval yuz bergan ulkan fojiani takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Hozirgi kunda, bu vazifa uchun butun dunyo aholisi mas'uldir", - degan mamlakat hukumati rahbari. 

Sindzo Abe, shuningdek, Yaponiya atom bombardimoniga uchragan yagona mamlakat sifatida, uchta yadrosiz qoidaga amal qilishda davom etadi. Bular: Tokioga o‘z hududida yadro quroliga ega bo‘lish, uni olib kirish yoki ishlab chiqarishni taqiqlaydi. 

"Men yadrosiz dunyoni barpo etish uchun barcha imkoniyatimni ishga solaman", - deya qo‘shimcha qilgan Abe. 

Xirosima shahri hokimi Kadzumi Matsui o‘z navbatida, yadro qurolidan batamom voz kechish va barqaror tinchlik hukm surgan jamiyatni barpo etish uchun barcha choralarni ko‘rishiga va'da bergan. 

"Biz Nagasaki hamda Yer yuzidagi millionlab insonlar bilan birga yadro qurolidan xoli bo‘lish va barqaror tinchlikni o‘rnatishga harakat qilamiz", - degan Matsui Tinchlik deklaratsiyasini o‘qib berar ekan.

Ko‘proq yangiliklar: