Suriyadagi hanuzgacha noma'lum bo‘lgan "Mahbuslar ishlari bo‘yicha umumiy jamg‘arma" (General Foundation for Prisoners' Affairs) guruhi unda Suriyada urib tushirilgan Mi-8 vertolyotida bo‘lgan 5 rossiyalikning jasadi borligini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.
Ma'lum qilinishicha, ushbu guruh hanuzgacha axborot kengligida nomi tilga olinmagan va uning kelib chiqishi noma'lum.
Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, guruh rossiyalik harbiylarning jasadlarini Suriya hukumati tomonidan nazorat qilinuvchi turmalardan mahbuslar va Livanda "Xizbulloh" guruhi tomonidan ushlab turilgan kishilarning ozod qilinishi evaziga almashishishini ma'lum qilgan. Ozod qilinishi kerak bo‘lgan kishilar nomi va soni aytilmagan.
Bundan tashqari, guruh a'zolari Suriya hukumati va unga ittifoqdosh qo‘shinlardan hududlarni qamal qilishni to‘xtatishni va bu hududlarga gumanitar yordam yetkazishni talab qilgan.
Ta'kidlanishicha, ushbu bayonotga go‘yoki vertolyot ekipaji a'zolarining hujjatlari ilova qilingan.
Rossiya va Suriya tomonidan ushbu holat bo‘yicha hech qanday rasmiy izoh berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Xmeymim aviabazasiga qaytayotgan Mi-8 vertolyoti 1 avgustda urib tushirilgandi. Vertolyot bortida 3 uchuvchi va 2 zobit bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘lgan.