Amerikalik harbiy ekspertlar soliq to‘lovchilarning oz emas, ko‘p emas naqd 13 mlrd dollar mablag‘ini "Jyerald Ford" kabi o‘ta qimmat loyihalarga sarflash o‘zini naqadar oqlashi borasida shubha qilishmoqda. Axir, u yuqori texnologiyali urushning birinchi kunidayoq ishdan chiqib, bir uyum temir parchasi bo‘lib qolsa, bundan ne naf, deb yozadi The National Interest jurnali.
Aviatashuvchining asosiy kuchi uning zarba beruvchi aviaguruhidadir. "Super Hornet" F/A-18E/F paluba bombardimonchi samolyoti va F-35 qiruvchisi 2030-yilgi urushda samara bermaydi, deb hisoblamoqda tahlilchilar.
"Agar bu aviatashuvchi kemalar yuqori texnologiyali urushning birinchi kunidayoq, A2/AD hududi ichida (cheklov va taqiq hududi) ham jang qila olmas ekan, 13 milliard dollarni sarflash shartmikan?" — deydi Yangi Amerika xavfsizlik markazi strategik mudofaa dasturlari direktori (Center for a New American Security) Jyerri Hendriks.
Yangi uslubdgi janglarda aviatashuvchi kemaning aviaqanoti (samolyotlar turadigan qismi) modernizatsiya qilinmas ekan, hech qanday ustunlikka ega bo‘lmaydi, deb qo‘shimcha qilgan Hendriks.
Yana bir ekspert, FerryBridge Group konsalting firmasi ijrochi direktori Brayan MakGrat ham uning fikriga qo‘shilgan.
"Aviatashuvchi kema shunchaki suzuvchi aeroport ekanini unutmaslik kerak. Uning asosiy jihati aviaqanotidir".
Aviatashuvchi kemalarda uzoqqa uchadigan aviatsiyaning uchuvchisiz parvoz qiluvchi, zarba beruvchi samolyotlari paydo bo‘lishi muammoning yechimi bo‘lishi mumkin, deb taxmin qiladi MakGrat. Ayni chog‘da, bunday samolyotlarga e'tibor beriladigan bo‘lsa, JSF (Joint-Strike Fighter) dasturi samolyotlari, xususan F-35lar bilan bog‘liq texnik muammolar paydo bo‘ladi.
AQSh harbiy-dengiz kuchlari esa, JSF dasturidan chetga chiqishdan qo‘rqib, palubadagi uchuvchisiz samolyotlarga ikkinchi darajali vazifalarni topshirmoqda. Ya'ni ulardan yonilg‘i quyish yoki ayg‘oqchilik maqsadlarida foydalanish niyatida.