Xalqaro olimlar guruhi Protecting Ice Memory loyihasini amalga oshirishga kirishdi, deb xabar qilmoqda Gizmodo. Loyiha global iqlim isishi tufayli erib ketayotgan muzliklardagi nodir ilmiy ma'lumotlarni saqlashni ko‘zda tutadi. Ushbu dastur doirasida baland tog‘lardagi muzliklardan olingan namunalarni saqlash uchun o‘ziga xos «Nuh kema»si quriladi.
2016 yil avgust-sentabr oylarida muzchi olimlar Italiya-Fransiya chegarasida joylashgan Monblan tog‘ining Kol dyu Dom (Col du Dôme) muzliklarida faoliyat olib boradi. Olimlar presslangan muz namunalarini olib, saqlash uchun Antraktidagi Konkordiya stansiyasiga yuboradi. Bu yerda, muz qatlamlarida o‘tmishdagi iqlim o‘zgarishiga oid ma'lumotlar o‘rganiladi. Umuman, olimlar har biri 130 metrlik uchta muz namunasini Yevropadan janubiy qutbga jo‘natadi.
2017-yili tadqiqotchilar Boliviyaning Ilimani (Illimani) muzligi namunasini tashiydi. Bundan tashqari, Germaniya, Avstriya, Shveytsariya, AQSh, Rossiya va boshqa mamlakatlar muzliklarida ham shunday ishlar amalga oshiriladi.