«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi samolyotlari safi sentabr oyida ikkita Boeing-787 Dreamliner samolyoti bilan to‘ldiriladi. Aviakompaniya saytida berilgan xabarga ko‘ra, bunday samolyotlarning birinchisi avgust oyi oxirida O‘zbekistonga yetib kelishi kutilmoqda.
Sentyabr oyidan boshlab o‘zbekistonliklar yangi Boeing787 Dreamliner samolyotida yangicha qulaylik bilan sayohatga chiqa boshlaydi.
«Aviakompaniya yangi rusumdagi ikkita Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini ekspluatatsiyaga kiritishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, ulardan birinchisi O‘zbekistonga mustaqillikning 25 yilligini nishonlash kunlarida yetib keladi. «Orzudagi layner» O‘zbekiston aholisi uchun bayram sharafiga munosib sovg‘a bo‘ladi.
Shu yilning sentabr oyidayoq «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK yo‘lovchilari Boeing 787 Dreamliner samolyotidagi qulaylikning yangi darajasini munosib baholash imkoniga ega bo‘ladilar», deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning yanvarida yangi samolyotdan foydalanish uchun Toshkent xalqaro aeroportida maxsus infrastruktura tashkil qilingan edi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 28 yanvarda aviakompaniya va xorij kompaniyalari samolyotlarini ta'mirlash, ularga barcha turdagi texnik xizmat ko‘rsatish bazasi hamda malakali mutaxassislarga ega «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasi qoshida samolyotlarning kompozit materiallarini ta'mirlash Markazi ochildi.
Aviakompaniya «Boing-787» samolyoti uchun uchuvchilarni to‘plagan. 18 pilotdan iborat jamoa Buyuk Britaniyaning Gatvik shahrida malaka oshirish uchun yuborilgan.
Aviakompaniya «Boing-787» rusumidagi samolyotlarni olib kelishi 2014 yilda ma'lum bo‘lgandi. Xarid qiymati taxminan 240 million dollarni tashkil qilgan.
Boeing-787 Dreamliner — ikki dvigatelli yo‘lovchi tashuvchi samolyot bo‘lib, AQShning Boeing Commercial Airplanes tomonidan ishlab chiqilgan. Unga 250 nafardan 330 nafargacha yo‘lovchi sig‘adi.